Ayni vaqtda o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev Cotton Campaign boykoti haqida fikr bildirib, bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun ochilayotgan yangi imkoniyatlar ekanligini qayd etdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asalov xabar berdi.

«So‘nggi besh yilda qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarimiz samarasini berib, «Cotton Campaign» kuni-kecha O‘zbekistonni «qora ro‘yxati»dan chiqardi. Bu ham biz uchun juda katta imkoniyat, yangi bozorlar degani. Buning hisobiga iste’mol mahsulotlarining xom-ashyosini olib kelib, ularni qayta ishlash orqali qo‘shimcha 1,5 mlrd dollarlik mahsulotni bemalol eksport qilsa bo‘ladi», — dedi davlat rahbari.

Shu bois, xom-ashyoni olib kelib, tayyor mahsulot chiqargan va uni chetga sotadigan (bojxona hududida qayta ishlovchi) korxonalarga apreldan boshlab:

  • eksportchilar uchun berilayotgan barcha imtiyozlar tatbiq etiladi;
  • loyihalari doirasida texnik-iqtisodiy asos, mahsulot sertifikati, bojxona to‘lovlari ta’minoti talab etilmaydi;
  • ruxsatnoma berish muddati 3 barobar qisqaradi, 1 yil davomida ishlab kelayotganlariga ruxsatnoma har bir kontraktiga emas, balki korxona faoliyatiga beriladi.

Bundan tashqari, olib kelgan dastgohlari uchun bojxona bojlari ham undirilmaydi.

Avvalroq, O‘zbekiston hukumati Cotton Campaign koalitsiyasining o‘zbek paxtasiga boykotni bekor qilish qarorini olqishlagandi. Prezident matbuot kotibi bu boradagi islohotlar ortga qaytmasligi va bundan buyon ham qat’iy davom etishini ta’kidladi, Senat raisi esa buni «tarixiy voqea» deb atadi.

Eslatib o‘tamiz, 2009 yilda Cotton Campaign o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilgan edi. O‘shandan beri 331 ta brend va riteyler kompaniyalari, jumladan, Adidas, Zara, C&A, Gap Inc., H&M, Levi Strauss & Co., Tesco va Walmart kabilar o‘zbek paxtasiga nisbatan boykotga amal qilish majburiyatini olgan.

Cotton Campaign inson va mehnat huquqlari bo‘yicha xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlari, mustaqil kasaba uyushmalari, brend va riteylerlar, mas’uliyatli investor tashkilotlari, ta’minot zanjiri shaffofligi guruhlari va akademik hamkorlarning global koalitsiyasidir.

Xalqaro mehnat tashkiloti O‘zbekiston 2021 yilgi paxta yetishtirish hamda yig‘im-terim mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berganini ma’lum qilgandi. Xususan, 2021 yilda terimchilarning 99 foizi ixtiyoriy, taxminan bir foizi esa bevosita yoki bilvosita majburlash orqali ushbu jarayonga jalb etilganini ma’lum qilgan. Terimchilarning uchdan ikki qismini xotin-qizlar tashkil etadi.