Saudiya Arabistoni Podshohligi Aviatsiya boshqarmasi «GACA» yo‘lovchilar uchun «COVID-19» bilan bog‘liq ba’zi cheklovlarga o‘zgartirish kiritdi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar berdi.
Endilikda, Koronavirus mavjud emasligi haqidagi manfiy natijaga ega bo‘lgan QR-kodli PZR test ma’lumotini SAPga kirishda taqdim etish tartibi bekor qilinmoqda.
«Umra-2022 mavsumida Saudiya Arabistoni Podshohligiga safar qilayotgan ziyoratchilar uchun safardan oldin olinadigan PZR test ma’lumotini taqdim etish tartibi bekor qilinganini ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, Umra dasturida safar qiluvchi ziyoratchilar koronavirusga qarshi quyidagi vaksinalardan biri bilan emlangan bo‘lishi kerak:
- Pfizer/BioNTech;
- Oxford-AstraZeneca;
- Moderna;
- Johnson & Johnson.
Avvalroq, O‘zbekiston musulmonlari idorasi umra safariga 1 fevraldan boshlab Saudiya Arabistoniga har kuni bittadan aviareys amalga oshirilishini ma’lum qilgandi. 10 fevraldan esa har kuni 2 tadan, Ramazon oyi davomida esa har kuni 3 tadan avia qatnov yo‘lga qo‘yildi.