2021 yilning avgustida pora olgan vaqtida qo‘lga tushgan Qo‘qon shahar hokimining birinchi o‘rinbosariga oid sud jarayoni yakuniga yetdi.

«Gazeta.uz» Abduxaliljon Nurmatov va «Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘llari uzeli» UK moliya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari O. Mamajonov bir tadbirkorga mazkur temir yo‘l uzeli balansida bo‘lgan 2,5 gektar yer maydonidagi bino va inshootlar bo‘yicha o‘tkaziladigan auksionda uning foydasiga qaror chiqartirib berish evaziga 180 ming dollar talab qilganlikda gumonlanayotgani haqida yozgandi.

Mansabdorlar ushbu mablag‘dan 10 ming dollarini olayotganida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tezkor xodimlari tomonidan ushlangandi.

O‘zAning yozishicha, mazkur ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Beshariq tuman sudi tomonidan ko‘rib chiqildi.

Sud Qo‘qon shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Abduxaliljon Nurmatovga 5 yil 6 oyga, O.Mamajonovga esa 5 yil 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.