15 martdan boshlab Tojikiston-O‘zbekiston davlat chegarasidagi nazorat-o‘tkazish punktlari faoliyati odatdagi ish rejimiga o‘tkazilmoqda, deb xabar berdi «Dunyo» axborot agentligi.

Xabarga ko‘ra, mamlakatda yuqumli kasalliklar nazorati faqat COVID-19 infeksiyasiga qarshi to‘liq emlanganlik to‘g‘risidagi guvohnomani taqdim etish asosida amalga oshiriladi. Ya’ni Tojikiston hududida koronavirusga test topshirish kerak bo‘lmaydi.

Bunday qaror COVID-19 yuqumli kasalligi tarqalishining oldini olish bo‘yicha Respublika shtabi tomonidan qabul qilingan, deya ma’lum qildi «Dunyo» Tojikiston Milliy axborot agentligi «Xovar»ga tayanib.

«Bu qaror Tojikiston Respublikasida epidemiologik vaziyatni yumshatish hisobga olingan holda va mamlakatdagi iqtisodiy hududlarning to‘laqonli ishlashini ta’minlash, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, qo‘shni davlatlar bilan iqtisodiy va ijtimoiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida qabul qilindi», — deb yozadi «Xovar».

Ushbu qarorga muvofiq, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash organlari va muassasalari, shuningdek, MDHning boshqa davlatlari tomonidan COVID-19`ga qarshi emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlar Tojikiston tomonidan rasman tan olindi.

Shuningdek, aholi orasida COVID-19 infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida himoya niqoblaridan foydalanish yuzasidan joriy etilgan majburiy tartib ham bekor qilingan. Qarorga binoan, to‘ylar, bayramlar va boshqa milliy marosimlar amaldagi qonunchilikka muvofiq o‘tkazilishi mumkinligi ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun, yanvar oyi boshida Buyuk Britaniya O‘zbekistonning kovid-sertifikatlarini tan olishni boshlaganini ma’lum qilgan edi.