8−9 mart kunlari Ukrainadan Polshaning Katovitse aeroporti orqali 250 nafar O‘zbekiston fuqarosi, shu jumladan 62 nafar ayol, 28 nafar voyaga yetgaman shaxs va 11 nafar chaqaloq olib kelindi, deya xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi tomonidan Sumi shahridan 23 nafar o‘zbekistonlik talaba xalqaro gumanitar tashkilotlar shafeligida evakuatsiya qilingan.

28 fevraldan 9 martga qadar 22 ta aviareys tashkillashtirilib, urush bo‘layotgan joylardan 5 037 nafar O‘zbekiston fuqarolari qaytarilgan. 9 mart kuni yana bitta reys amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Yusup Kabuljanov bergan ma’lumotga ko‘ra, Ukrainadan «Karchova» nazorat-o‘tish punktiga kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarining soni kamayishi kuzatilmoqda.

Ukrainaning turli joylaridan fuqarolarni evakuatsiya qilish bo‘yicha ishlar davom etayotgani ta’kidlangan. Bunda asosiy e’tibor urush harakatlari kuzatilayotgan chekka hududlarda qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolarini olib chiqishga qaratilmoqda.

Shuningdek, o‘zbekistonlik diplomatlar Moldovada bo‘lib, ushbu mamlakatdan o‘zbekistonliklarni evakuatsiya qilish masalasini ham ishlab chiqmoqda, deyiladi xabarda.