7-mart kuni O‘zbekistonda 27 nafar kishida koronavirus aniqlandi, deya xabar bermoqda SSV.

Bu bir kun oldin qayd qilingan kovid holatlaridan (68) ikki barobardan ko‘proqqa kam va oxirgi 12 oy ichidagi eng past ko‘rsatkich. Roppa-rosa bir yil oldin deyarli xuddi shunday ko‘rsatkichlar qayd etilgan edi (2021-yil 8-mart kuni 28 ta holat va 9-mart kuni 21 ta holat). Pandemiya davomidagi eng yuqori ko‘rsatkich joriy yil 22-yanvarda qayd etilgan — qariyb 1500 ta.

2020-yil mart oyidan beri koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 236994 nafarni tashkil etmoqda.

Dushanba kuni Toshkent shahrida 5 kishida, Andijon va Surxondaryo viloyatlarida 4 nafardan, Namangan, Samarqand va Sirdaryo viloyatlarida 3 nafardan, Buxoro va Xorazm viloyatlarida 2 nafardan va Navoiy viloyatida 1 kishida kovid aniqlangan. Boshqa hududlarda kasallik qayd etilmagan.

Shuningdek, kecha kun davomida 3 kishida pnevmoniya aniqlandi. Ketma-ket oltinchi kun koronavirusdan o‘lim holatlari qayd etilmayapti. Infeksiya asoratlari oqibatida vafot etganlarning umumiy soni 1637 ga yetgan.