Tadbirkor, «Korzinka.uz» asoschisi Zafar Hoshimov Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi mojaro O‘zbekiston iqtisodiyotiga va migrantlarga qanday ta’sir qilishi mumkinligi yuzasidan mulohazalarini o‘zining Facebook tarmog‘idagi sahifasida yozib qoldirdi.

«Shu kunlarda mendan Ukraina voqealari iqtisodiyotimiz uchun qanday oqibatlarga olib kelishi haqida ko‘p so‘rashmoqda. Javob: qisqa qilib aytadigan bo‘lsa, yaxshi emas», — deya ta’kidladi u. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab muammolar allaqachon paydo bo‘la boshlagan.

Ayni vaqtdagi muammolar

Logistika. Ukrainadan, Ukraina hududi orqali, Ukraina va Boltiqbo‘yi davlatlarining portlaridan chiqib, Rossiya hududidan tranzit orqali kirib keladigan hamma narsa, bularning hammasi uchun muqobil va, ehtimol, qimmatroq yo‘llarni topishga to‘g‘ri keladi. Ba’zi mahsulotlar uchun bunday marshrutlarni topish imkonsiz bo‘ladi. Masalan, biz Polshadan olma, Moldovadan kartoshka, Boltiqbo‘yi davlatlaridan sut import qilar edik. Bu mahsulotlar Rossiya, Belarus va Ukraina hududlari orqali quruqlikda tashib o‘tiladi. Bu tovarlar uchun muqobil yo‘nalishni o‘ylab topish iqtisodiy jihatdan imkonsiz bo‘ladi.

Rossiya portlari orqali dunyoning turli davlatlaridan olib kelinadigan yuklar ham muammoga uchraydi: ko‘plab dengiz liniyalari (xalqaro dengiz yuk tashish kompaniyalarining kemalari) Rossiya portlariga yuk tashishdan bosh tortdi. Rossiya savdo kemalari esa Yevropa, Shimoliy Amerika, Yaponiya va Janubiy Koreya portlariga kira olmaydi. Shu sababli, barcha dengiz yuklari Qora dengizga, Bosfor bo‘g‘ozi orqali va faqat Poti (Gruziya) portiga yoki Fors ko‘rfazidagi Bandar Abbos (Eron) porti orqali o‘tkaziladi. Ba’zi tovarlar uchun bu yo‘llar qimmatroq bo‘ladi, boshqalari uchun esa narx va vaqt tufayli butunlay to‘g‘ri kelmaydi. Ehtimol bu portlarda ularning o‘tkazuvchanligi tufayli tiqilinch va gavjumlik yuz beradi.

Bank ishi. Rossiya va Belarusda import uchun to‘lov va bizning eksportimiz uchun ushbu mamlakatlardan to‘lovlar Rossiya banklariga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar tufayli murakkablashadi. Ammo shuni aytish kerakki, bu muammolar juda qisqa muddatli, chunki to‘lov haqida gap ketganda, qabul qiluvchi tomon har doim ajoyib moslashuvchanlik va zukkolikni namoyon etadi va ularga to‘lovni qanday amalga oshirish bo‘yicha ko‘plab variantlarini tezda taklif qiladi. Biz yopiq pul tizimidagi boy hayot tajribasini hali unutganimiz yo‘q.

Rossiya va Belarus yetkazib beruvchilari bilan yanada murakkab muammolar yuzaga keladi va bu o‘rta hamda uzoq muddatli istiqbolda ta’sirini ko‘rasatadi: ularni hozirda xom ashyo, texnologiyalar, materiallar, butlovchi qismlar bozorlaridan ajratib tashlashmoqda. Ular ishlab chiqarish komponentlarini mahalliylashtirmaguncha yetkazib berishda qiyinchiliklarga duch kelishadi. Bu uzoq vaqt talab qilishi mumkin, ba’zilari esa hech qachon bo‘lmaydi. Natijada Rossiyada ishlab chiqarilgan va biz import qilayotgan ayrim tovarlarning tanqisligi hamda narxi oshishi kuzatiladi.

Ko‘pgina muhim tovarlar uchun Rossiyaning o‘zi cheklovlar yoki eksport taqiqlarini joriy qiladi va afsuski, bu birinchi navbatda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar bo‘ladi. Tushuntiraman. Rossiya allaqachon bunday bir qator tovarlarga qat’iy cheklovlarni joriy qilgan. Endi ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlarni ishlab chiqaruvchilar uchun ichki bozorda sotishdan ko‘ra o‘z mahsulotlarini eksport qilish foydaliroq va eksportning tez o‘sishi Rossiya Federatsiyasi hukumati tomonidan ichki bozorni ta’minlash maqsadida eksportni taqiqlash yoki cheklash shaklidagi reaksiyaga sabab bo‘lishi mumkin.

Ukrainaga va Ukrainadan barcha jismoniy yuklar to‘xtatiladi. Bu mahsulotlar va bozorlar endi muqobil yo‘nalishlarni topishlari kerak.

Xizmatlar bo‘yicha. Ukraina kompaniyalari tomonidan ko‘rsatiladigan IT, texnologiya, dizayn, marketing xizmatlari, ma’lumotlarni saqlash va uzatish xizmatlari, texnik yordamlar ham vaqtinchalik to‘xtatilgan. Bu ham yomon, chunki bunday yuqori darajada va arzon narxda ushbu xizmatlar Ukrainadan boshqa hech kim tomonidan taqdim etilmaydi. Bu yerda shuni alohida ta’kidlash kerakki, ba’zi Ukraina kompaniyalari harbiy harakatlarga qaramay, o‘z xizmatlarini onlayn qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqda.

Bu allaqachon paydo bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri va oson bashorat qilinadigan muammolarning birinchi guruhi edi.

Keyinchalik yuzaga keladigan murakkab muammolar

Rublning qadrsizlanishi. Bu barcha muhojirlarimizning daromadiga ta’sir qiladi. Shuningdek, Rossiyadan naqd pul o‘tkazmalari qiyinlashadi. Rossiyada rezidentlar va norezidentlar uchun valyuta eksportiga cheklovlar allaqachon o‘rnatilgan. Vaziyat keskinlashishda davom etsa, cheklovlar kuchaytirilishi va rubl yanada pasayishi mumkin. Daromadlari rublda bo‘lgan muhojirlarimiz uchun bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri daromadni yo‘qotish hisoblanadi.

Men ushbu maqolani yozayotganimda, Rossiya banklari jismoniy shaxslar topshirig‘iga ko‘ra xorijiy valyuta sotib olganida 30% komissiya o‘rnatilishini e’lon qildi, keyinchalik bu komissiya 12 foizgacha tushirildi. Bu qadamlarning barchasi mehnat muhojirlarining mamlakatga pul o‘tkazmalariga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Rossiya iqtisodiyoti misli ko‘rilmagan sanksiyalar ostida chuqur tanazzulga va sarmoya tanqisligiga duch keladi. Bu aholining ish o‘rinlari va daromadlari, shu jumladan, birinchi navbatda, mehnat migrantlarining daromadlari ham qisqarishini anglatadi. Migrantlarning pullari to‘g‘ridan-to‘g‘ri aholiga kelib tushadi va bu ularning kundalik iste’molining asosiy qismini tashkil qiladi, ya’ni bu mamlakat iste’molchilarining ancha keng doirasi daromadlari va xarid qobiliyatiga ta’sir qiladi.

Rublning qadrsizlanishi o‘zbek so‘mi kursiga cheklangan bo‘lsada, bosimni keltirib chiqaradi. Bu bosim, xayriyatki, valyuta tushumlari, aytaylik, 5−6 yil oldingiga qaraganda yaxshiroq diversifikatsiyalanganligi va bunday noaniqlik hamda o‘zgaruvchanlik davrida mamlakatga valyuta kirib kelishining asosiy manbalaridan biri bo‘lmish oltin narxining jahon bozorida o‘sishi bilan cheklanadi. Bu valyuta tushumlarining qisqarishini qisman qoplaydi va ma’lum darajada barqarorlashtiruvchi omil bo‘ladi.

Eksport tushumlari yana O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari o‘rtasida talab va to‘lov qobiliyatining pasayishi tufayli kamayadi.

Bularning barchasi o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaga ta’sir qiladi. Bundan tashqari, gap ichki bozordagi narxlar dinamikasida emas, bu jahon narxlari tufayli sodir bo‘ladi. O‘tgan yilning o‘zidayoq yuqori emissiya va tadbirkorlik faolligining keskin o‘sishi hamda pandemiyadan keyin tovarlarga talabning keskin ortishi tufayli dollar inflyatsiyasi 6 foizdan ko‘proqni tashkil qildi. Xuddi shu yili bunga Ukrainadagi vaziyat va Rossiyaning yakkalanishi natijasida energiya, bug‘doy, o‘simlik yog‘i va boshqa tovarlarning o‘sishi qo‘shiladi, bunda ushbu davlatlarning yuqoridagi tovarlarni ishlab chiqarishdagi ulushi sabab bo‘ladi.

Dollar inflyatsiyasi, albatta, o‘tgan yilgidan past bo‘lmaydi va ba’zi prognozlarga ko‘ra, u 8−10 foizgacha ko‘tarilishi mumkin. So‘m kursini barqaror ushlab turish qiyin va bu zararli ham, chunki so‘m kursini ushlab turish orqali biz o‘zimiz bilmagan holda an’anaviy bozorlarimizga eksportimizni yanada kamaytiramiz. Va, bularning barchasi tufayli qayta moliyalash stavkasining tez pasayishi ham kutilmaydi.

Rossiyaning ko‘pgina banklari va korxonalari O‘zbekistondagi loyihalarni moliyalashtirib, investitsiya faoliyatini amalga oshirardilar. Ular yaqin yillarda bularning barchasini davom ettirish uchun likvidlikka ega bo‘lmaydilar va bu ham mamlakat iqtisodiyotidagi likvidlikka bosim o‘tkazadi, deb aytish mumkin. Shuningdek, iste’mol kreditlari hajmi va qiymati yaxshilanmaydi.

Yangi imkoniyatlar

Ushbu yaxshi bo‘lmagan yangiliklar bilan bir qatorda, yangi va kutilmagandek tuyuladigan imkoniyatlar ochilayotgan sohalar ham borligini ta’kidlash kerak.

Rossiya va Belarusdan mutaxassislar va tadbirkorlarni ko‘chirish. Ushbu mamlakatlardan bo‘lgan ushbu sinfning ko‘plab vakillari o‘z vatanlaridan tashqarida yangi imkoniyatlarni qidirmoqda. Bular IT-mutaxassislari, dasturchilar, kreativ sektor, konsultantlar, texnologlar, auditorlar, marketing, distribyutorlik, ko‘ngilochar biznes, chakana savdo bo‘yicha mutaxassislar, Rossiya va Belarusda yopilayotgan ko‘plab kompaniyalar va sohalarda ishlagan va loyihalarni boshqargan odamlar hisoblanadi.

Bu bizning mehnat bozorimiz uchun juda yaxshi imkoniyat, aynan mana shunday mutaxassislarga bizda juda katta tanqislik va ularning narxi qimmat, shuningdek, yaqin vaqtgacha kichik va o‘rta biznes uchun ekspertizaning o‘zi mavjud emas edi, bu esa o‘sish va rivojlanishni cheklovchi omillardan biri edi.

Turizm. Hozir ko‘plab davlatlar ruslar va belaruslar uchun yopiq hamda bizning mamlakatimizga sayyohlik hajmi o‘sishiga ishonchim komil. Kecha bir rus Toshkentga «Betmen» haqidagi yangi filmning premerasini tomosha qilish uchun kelgani haqidagi qiziq voqeani bilib qoldim.

Aviatsiya rivojlanishi uchun ajoyib imkoniyatlar ochilmoqda. Aksariyat chegaradosh davlatlar Rossiya aviatsiyasi uchun o‘z osmonini yopgach, ularning deyarli barchasi «yerga qo‘ndirilgan» yoki faqat o‘z mamlakati perimetri doirasi bilan cheklab qo‘yilgan bir vaziyatda, mamlakatimiz aviatsiyasining Yevropani Uzoq va O‘rta Sharq hamda Janubi-Sharqiy Osiyo bilan bog‘lovchi havo yo‘llari o‘rtasidagi qulay joylashuvi bilan birga, bir vaqtning o‘zida ham Rossiya, ham Yevropa uzra ucha oladigan bizning aviatsiyamiz uchun qanchalik ko‘p imkoniyatlar ochilishini bir tasavvur qilib ko‘ring.

Nima qilish kerak?

  • Hozirgi sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ta’minot manbalarini diversifikatsiya qilish imkonini beradigan barcha oziq-ovqat va iste’mol tovarlariga import bojlari va aksiz solig‘ini bekor qilish lozim. Bu oziq-ovqat xavfsizligi masalasi va bozordagi narxlarning ko‘tarilishi hamda tanqisligini yumshatishning deyarli yagona yo‘lidir.
  • Bozorlarni va mahsulot turlarini, ham eksport, ham importni diversifikatsiya qilish;
  • JSTga kirishni imkon qadar tezlashtirish va barcha davlatlar bilan erkin savdo shartnomalarini tuzish zarur;
  • Xalqaro huquq va davlatlararo shartnomalarga muvofiq barcha tranzit mamlakatlar, jumladan, birinchi navbatda Rossiya hududi orqali yuklarning to‘siqsiz o‘tishini ta’minlagan holda mamlakatimizdan va mamlakatimizga olib boruvchi logistika yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish;
  • Imkoniyat darajasida mehnat muhojirlarimiz uchun mehnat bozorlarini diversifikatsiya qilish;
  • Rossiya va Belarusda bizning mehnat bozorimiz marketingini faollashtirish;
  • Mutaxassislarni boshqa joyga ko‘chirishni imkon qadar soddalashtirish: maxsus soddalashtirilgan viza rejimlarini (ish vizalari haqida gapiryapmiz), ro‘yxatga olishning soddalashtirilgan tizimini, yashash uchun ruxsatnomalarni, ishlashga ruxsatnomalarni berishni joriy qilish va buni barcha mutaxassisliklar bo‘yicha amalga oshirish;
  • Fuqarolik aviatsiyasida havo floti, reyslar va marshrutlar sonini, shu jumladan, havo transporti bozorini liberallashtirish hisobiga ko‘paytirish, Bizning aviakompaniyalarimiz tez muvaffaqiyatga erishish uchun noyob imkoniyatga ega.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin «Gazeta.uz» Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi mojaro O‘zbekiston iqtisodiyotiga va migrantlarga qanday ta’sir qilishi bo‘yicha iqtisodchilar fikrini taqdim etgandi.