O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 2022 yilda 21% ga qisqarishi kutilmoqda. Jahon banki Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyatlarning Markaziy Osiyo mintaqasiga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmiga ta’sirini inobatga olgan holda, o‘z prognozlarini yangilaganligini ma’lum qildi.

Bank prognozlariga ko‘ra, 2022 yilda Markaziy Osiyo mintaqasiga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 25% ga qisqaradi. Mazkur tendensiya Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi siyosiy ziddiyatlar sabab Rossiyada iqtisodiy faollikning pasayishi va, bir vaqtning o‘zida, rubl kursining keskin qulashi bilan izohlangan.

Xususan, iqtisodiy faollikning pasayishi mamlakatda ish o‘rinlarining qisqarishiga olib kelishi mumkin, bu esa, o‘z navbatida, migrantlarning umumiy daromad darajasiga ta’sir ko‘rsatadi. Bir vaqtning o‘zida, rublning keskin qadrsizlanishi migrantlar ish haqlarining dollar ekvivalentdagi nominal qiymatining pasayishiga sabab bo‘ladi. Qolaversa, joriy etilgan sanksiyalar va Rossiya banklarining SWIFT tizimidan uzilishi pul o‘tkazmalarining rasmiy kanallar orqali yuborilishini qiyinlashtiradi, natijada o‘tkazmalar qisman bilvosita va norasmiy kanallarga ko‘chishi kutiladi.

Ma’lum qilinishicha, 3 mart holatiga rubl dollarga nisbatan 25 foizga qadrsizlangan va bu tendensiya 2022 yil davomida o‘zgarmasligi ehtimoli yuqori.

Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-sentabr oylarida O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi qariyb 7 mlrd dollarni (YAIMning 11,6 foizi) tashkil etgan bo‘lsa, shuning 55% qismi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan. Xorijdan yuboriladigan pul o‘tkazmalari umumiy hajmida yirik ulushga ega davlat sifatida Rossiyadagi beqarorlik 2022 yildagi pul o‘tkazmalari hajmiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

Barqaror sharoitda O‘zbekistonga xorijdan pul o‘tkazmalari hajmi 2022 yilda 3% ga o‘sishi prognoz qilingan edi, yangilangan prognozlar esa 21% lik pasayish tendensiyasi kuzatilishini ko‘rsatgan.

Xalqaro pul o‘tkazmalari qisqarishining eng yuqori sur’ati Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida Qirg‘izistonda kuzatilishi kutilmoqda — 33%. Qirg‘iziston aynan xorijdan kirib keladigan pul o‘tkazmalariga kuchli darajada bog‘liq bo‘lib, 2021 yilning I-III choragida xorijdan o‘tkazmalar mamlakat YAIMining qariyb uchdan bir qismiga teng bo‘lgan va o‘tkazmalar umumiy hajmida Rossiyaning ulushi 83% ni tashkil etgan.

Shuningdek, Tojikiston va Qozog‘istonga xorijdan transferlar 2022 yilda mos ravishda 22% va 17% ga qisqarishi kutiladi.

Jadval: Jahon banki.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyida O‘zbekiston aholisi 506,1 mln dollar miqdorida transchegaraviy pul o‘tkazmalarini qabul qilgan.