31 nafar mahkum bilan Suriyadagi jangarilar safiga qo‘shilishni rejalashtirgan fuqaro aniqlandi, deya xabar bermoqda O‘zA.

Qayd etilishicha, sirdaryolik P.S. (1991 yilda tug‘ilgan) avval «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terroristik tashkilotiga a’zoligi uchun 6 yilga ozodlikdan mahrum etilib, 2020 yildan buyon Guliston tumanidagi manzil koloniyada jazo o‘tab kelgan.

«Biroq u pinhona ravishda boshqa mahkumlarga va ozodlikdagi tanishlariga ekstremistik va aqidaparastlik ruhidagi materiallarni tarqatib kelgan. Xususan, fuqaro respublikaning turli viloyatlaridagi koloniyalarida saqlanayotgan 20 nafar mahkum va 11 nafar ozodlikda yurgan fuqaro bilan aloqada bo‘lgan. Ular bilan buzg‘unchi g‘oyalar targ‘iboti bilan shug‘ullangan va kelajakda Suriyadagi jangarilar safiga chiqib ketishni rejalashtirgan», — deyiladi xabarda.

Shundan so‘ng DXX va IIV Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmalari hamkorligida prokuror sanksiyasiga asosan 31 nafar fuqaroning jazoni o‘tash va yashash manzillarida tezkor tergov o‘tkazilgan.

Aniqlangan ashyoviy dalillar va elektron tashuvchi moslamalarda saqlangan materiallarga asosan Jinoyat kodeksining 244.1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi «a, g» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qonunga ko‘ra, fuqaroga besh yildan sakkiz yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘lannishi mumkin.