Yevropada birja savdolarida gaz narxi ilk bor ming kubometri uchun 3950 dollargacha ko‘tarildi. Bu haqda RIA Novosti Londonning ICE birjasi ma’lumotlariga tayanib xabar qildi.

Savdolar boshida TTF indeksi bo‘yicha aprel fyucherslari qiymati ming kubometr gaz uchun 2366,8 dollarga yetgan. So‘ngra narx keskin ko‘tarilib, 13:30 da 3950 dollarlik cho‘qqiga chiqdi. Narxlar juma kunidagi 2170,2 dollarlik qiymatdan 79 foizga oshdi.

Biroq bir soat ichida narxlar 1000 dollarga tushib, 2900 dollarlik darajaga keldi. Ayni paytda esa ming kubometri uchun narxlar 2818 dollar atrofidani tashkil etmoqda.

Ta’kidlash joizki, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga bostirib kirgan 24 fevraldan avval Yevropada gaz narxi 800−1030 dollar atrofida edi.

Shu bilan birga, AQShning Rossiyadan neft importini taqiqlashi mumkinligi sababli Brent nefti narxi ham keskin ko‘tarilib, 2008 yildan buyon ilk bor barreli uchun qariyb 140 dollarga yetdi.