3 mart kuni o‘zbekistonliklar tijorat banklaridan 60 mln rubldan ko‘proq hajmda Rossiya valyutasini sotib oldi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida qayd etildi.

Foto: Markaziy bank

Bundan tashqari, jismoniy shaxslar banklardan 5,5 mln rublga yaqin rus valyutasini sotib olishgan.

Iqtisodchi Otabek Bakirovning izohlashicha, rubl ayirboshlashdagi bu holat birinchi sababi banklar tavsiya etilgan maqbul kurslarni tushga yaqin va tushdan keyin o‘rnata boshlagani bilan bog‘liq. Ya’ni bozor ishtirokchilariga yangilik ancha kechikib yetib bordi. Bugun va keyingi kunlarda boshqacha hajmlarni ko‘rishni boshlaymiz, deb yozdi iqtisodchi.

“Ikkinchidan, rublning qulashi ortidan Rossiyadagi tovarlar, masalan yog‘och, yog‘-moy, metall-prokatlarning narxi долларга chaqqanda 1,5−2 barobargacha arzon bo‘lib qoldi. Ya’ni konfliktgacha [Rossiya-Ukraina o‘rtasidagi] rublda import shartnomasi tuzganlar tezroq eski narxlarda to‘lovini amalga oshirishi manfaatiga ega, toki narigi tomon bitimlar va narxlarga o‘zgartirish kiritmagunicha. Shuning uchun jismoniy shaxslar bankdan maqbul kursda rubl sotib olib, masalan, ustav fondiga kiritib xo‘jalik subyektlari nomidan rubldagi import kontraktlari uchun to‘lovlarni o‘tkazish orqali yuqori darajada afzallikdan foydalanishmoqda”, — deya ta’kidladi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 25 fevraldan buyon dollarda ham, rublda ham pul o‘tkazmalari deyarli to‘xtab qolgani bois, migrantlar banklar taklif etayogan maqbul kurslardan baribir manfaatdor bo‘lishmayapti.

Shu bilan bir qatorda, mart oyining uchinchi kunida o‘zbekistonliklar banklarga 28 mln miqdorida AQSh dollari sotgan hamda banklardan 26,3 mln dollar xarid qilgan. Shuningdek, jismoniy shaxslardan 118,17 ming yevro xarid qilinib, 68 ming yevro sotilgan.

Avvalroq O‘zbekistonda banklar o‘zining valyuta ayirboshlash shoxobchalarida Rossiya rublini almashtirishni boshlagani haqida xabar bergan edik. Markaziy bank ularga valyuta kursini belgilashda sotib olish va sotish kurslari o‘rtasidagi “maqbul bo‘ladigan farq darajasini” saqlab qolishni tavsiya qildi. Hozirda rubl 97−102 so‘m oralig‘ida baholanmoqda, biroq iqtisodchilar xatarlardan ogohlantirmoqda. Kurs kun davomida xalqaro kotirovkalar asosida o‘zgarishi mumkin.