3−4 mart kunlari Ukrainadan Polshaning Katovitse aeroporti orqali 720 nafar O‘zbekiston fuqarosi olib kelindi, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Kabuljanov.

Shunday qilib, 4 mart holatiga ko‘ra, umumiy hisobda 11 ta aviareys bilan 2579 nafar o‘zbekistonlik qaytarildi.

Yusup Kabuljanovning qo‘shimcha qilishicha, Katovitse aeroportidan uchta qo‘shimcha parvoz kutilmoqda: bugun soat 14:30 va 16:00 da hamda 5-mart soat 03:00 da.

Polsha hududida O‘zbekistonning 1480 dan ortiq fuqarosi qolmoqda. Ulardan 700 nafari Polsha davlat chegarasidagi to‘planish nuqtasiga, 780 nafari esa Katovitse aeroportiga joylashtirilgan.

«Mutaxassislarning fikricha, O‘zbekiston o‘z fuqarolarini jangovar harakatlar zonasidan olib chiqish bo‘yicha tezkor ishlarni yo‘lga qo‘ygan sanoqli davlatlar safiga kirdi. Barcha qaytarish reyslari bepul amalga oshirilmoqda», — deyiladi xabarda.

Polshadagi O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, Katovitse aeroporti bugungi kunda odamlar bilan to‘lgan. Shahar ma’muriyati tomonidan aeroport binosiga kirish va yo‘lovchilarni ro‘yxatga olish uchun soddalashtirilgan tizimni ishga tushirilgan. Jamoat tartibi politsiya va mahalliy ko‘ngillilar tomonidan nazorat qilinmoqda. Bolali ayollar va keksalar uchun maxsus koridor tashkil etilgan. Barcha fuqarolarga oldindan tayyorlangan ro‘yxatlar asosida xizmat ko‘rsatilmoqda.

«Diplomatlarimizning sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekiston fuqarolari sharoitlar yaratilgan, shu jumladan ular issiq ovqat bilan ta’minlangan», — deya ma’lum qildi Yusup Kabuljanov.

TIV rasmiy vakili barcha yurtdoshlardan xotirjamlikni saqlash, vahimaga berilmaslik, provokatsiyalar va ziddiyatli vaziyatlarga uchmaslikni so‘radi. «Ishontirib aytamizki, barcha fuqarolar mamlakatimizga qaytariladi», — deya va’da berdi u.