Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan ayrim mamlakatlarda yuzaga kelayotgan vaziyatni hisobga olgan holda, vujudga kelishi mumkin bo‘lgan barcha salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarning batafsil rejasini ishlab chiqishga topshiriq berdi.

Bu haqda 2 mart kuni prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Reja respublikaning har bir tarmog‘i va hududi kesimida ishlab chiqilishi lozim.

Ta’kidlanishicha, moliya tizimining barqarorligi, korxonalarning uzluksiz ishlashi va rejalashtirilgan investitsiya loyihalari o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash vazifalariga alohida e’tibor qaratilgan.

«Tarmoq va hududlar rahbarlari oldiga transport-logistika tarmog‘ining ishonchli faoliyatini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish, bunda eksport geografiyasi yanada diversifikatsiya qilinishini ham hisobga olish vazifasi qo‘yildi», — deyiladi xabarda.

Viloyatlar hokimlariga aholini ijtimoiy himoya qilish ishlarini kuchaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va ishsiz aholi bandligini ta’minlashni jadallashtirish, shuningdek, inflyatsiya darajasini doimiy monitoring qilish va iste’mol bozorida narxlarning keskin tebranishlariga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha avvaldan chora ko‘rish zarurligi alohida ko‘rsatib o‘tildi.