1 martdan boshlab «AvtoVAZ» Lada avtomobillari narxini keskin oshirdi, barcha modellar narxi o‘rtacha 15 foizga o‘sdi. Bu haqda ishlab chiqaruvchining yangilangan narxlar ro‘yxatiga tayanib RIA Novosti xabar berdi.

Amaldagi narxlar ro‘yxatiga ko‘ra, hozirda kompaniya avtomobillarining minimal narxi quyidagicha:

  • Lada Granta — 685 ming rubl (+14%, bir dollar uchun 101,23 rubl kursida taxminan $6766),
  • Vesta — 1 mln 33 ming rubl (+20%, $10204),
  • Largus universal — 1 mln 77 ming rubl (+30%, $10639),
  • Xray — 1 mln 10 ming rubl (+22%, $9977),
  • Niva Legend — 777 ming rubl (+9%, $7675),
  • Niva Travel- 1 mln 4 ming rubl (+14%, $9918).

Nashrning yozishicha, bu mahalliy brend narxining bir yil ichida ikkinchi marta oshiirilishi hisoblanadi. Avvalroq, narxlarning o‘sishi, qoida tariqasida, 1−3% dan oshmagan.

Fevral oyi oxirida sakkizta brend bir vaqtning o‘zida Rossiyada o‘z avtomobillari narxini oshirdi, deb yozadi Autonews. Narxlarning ko‘tarilishiga Ukrainada «harbiy maxsus operatsiya» boshlanishi va G‘arb davlatlarining Rossiyaga qarshi sanksiyalari fonida rubl kursining o‘zgarishi sabab bo‘ldi. Oxirgi narxlarning oshishi Citroen, Mazda, Hyundai, Infiniti, Opel, Peugeot, Renault va Mercedes-Benz kompaniyalariga ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, bir qator xavotirlar logistika muammolari va sanksiya xatarlari tufayli General Motors va Volkswagen ham Rossiyaga yetkazib berishni to‘xtatdi.

Lada Uzbekistan`ning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, avtomobillar narxi ham oshgan. Masalan, Lada Vesta SW narxi qariyb 157 mln so‘mga teng bo‘lgan bo‘lsa, hozir 160,9 mln so‘mga yetdi. «Umuman olganda, modellar narxlari oshishi taxminan 2−3 mln so‘mni, maksimal 5 mln so‘mni tashkil etdi», — deyiladi kompaniyaning «Gazeta.uz»ga bergan izohida.

Lada Uzbekistan saytidagi so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Vesta modelining narxi 160,9 mln so‘mdan, XRAY Cross — 171,9 million so‘mdan, Largus — 162,9 mln so‘mdan, Niva Legend — 152,9 mln so‘mdan, Niva Travel — 204,9 mln so‘mdan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil sentabr oyida «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasidagi ADM Jizzakh korxonasida LADA avtomobillarini seriyali yig‘ish boshlandi. Yirik uzelli yig‘ish usulida (SKD) birinchi bo‘lib Lada Vesta SW va Lada XRay modellarini ishlab chiqish yo‘lga qo‘yilgandi. O‘zbekistondagi Lada avtomobillarining rasmiy importchisi Roodell hisoblanadi. 2020 yilda O‘zbekistonda 18 ta dilerlik markazini o‘z ichiga olgan Roodell dilerlik tarmog‘i orqali 5000 dan ziyod Lada avtomobillari sotilgan.