O‘zbekiston 2021 yilgi paxta yetishtirish va yig‘im-terim mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) o‘zining O‘zbekistonda paxta yig‘im-terimi monitoringi bo‘yicha uchinchi tomon 2021 yilgi hisoboti xulosalariga asoslanib ma’lum qildi.

XMT ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili paxta yig‘im-terimiga qariyb ikki million kishi jalb qilinadi.

Mamlakatda paxta yetishtirish sohasini isloh qilish jarayoni boshlanganidan buyon o‘tgan yetti yil mobaynida ikki millionga yaqin bola bolalar mehnatidan, yarim million katta yoshdagilar majburiy mehnatdan ozod qilingan.

2021 yilda XMT mamlakatda paxta yig‘im-terimi monitoringi jarayonida qariyb o‘n bir ming terimchi bilan suhbat o‘tkazgan. Suhbat natijalariga ko‘ra, paxta terimiga jalb qilinganlarning 99 foizi ixtiyoriy ravishda ishlagan. Taxminan bir foiz respondentlar esa mehnatga bevosita yoki bilvosita majburlash shakllariga duchor bo‘lganini qayd etgan.

«Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, respondentlarning 0,47 foizi mahalla vakillari tomonidan ijtimoiy nafaqalar bilan bog‘liq bevosita yoki bilvosita tahdidlar haqida, 0,12 foizi esa ish beruvchilar tomonidan ish yoki ish haqini yo‘qotish bilan bog‘liq bevosita yoki bilvosita tahdidlar haqida xabar bergan», — deyiladi XMT xabarida.

Shuningdek, suhbatda ishtirok etgan terimchilarning aksariyati 2020 yildan beri terim jarayonida mehnat sharoitlari, xususan, transport, oziq-ovqat, ichimlik suvi, gigiyena talablari bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanganini ma’lum qilishgan. Faqat besh foiz respondentlar shart-sharoitlar o‘tgan yilga nisbatan yomonlashganini qayd etgan.


Chizma: O‘zbekistonda paxta terimida mehnatga haq to‘lashning oshib borishi (so‘m/kg) va majburiy mehnatning qisqarishi. Manba: Xalqaro mehnat tashkiloti

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda mehnatga layoqatli yoshdagi aholining qariyb 12,5 foizi paxta yig‘im-terimida ishtirok etgan, ularning aksariyati — qishloq joylar aholisi. Terimchilarning uchdan ikki qismini xotin-qizlar tashkil etadi.

«Hamkorligimiz yaxshi samara berdi — sababi 7 yildan so‘ng, bu yilgi hisobot o‘zbek paxtasi bolalar mehnati va majburiy mehnatdan holi ekanligini ko‘rsatmoqda», — deya qayd etgan XMT bosh direktori Gay Rayder. Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston «qo‘shimcha qiymat zanjiri bo‘yicha yuqori bosqichga ko‘tarilish maqsadini amalga oshirish» hamda to‘qimachilik sohasida millionlab ish o‘rinlarini yaratish imkoniyatiga ega.

O‘zbekiston Senati raisi, Majburiy mehnat va odam savdosiga qarshi kurashish milliy komissiyasi rahbari Tanzila Narboyevaning ta’kidlashicha, paxta yetishtirishda davlat buyurtmasi tizimini bekor qilish — mamlakatda bolalar mehnati va majburiy mehnatga chek qo‘yishda dastlabki qadam bo‘lgan.

XMT uchinchi tomon monitoringi loyihasining O‘zbekistondagi bosh texnik maslahatchisi Yonas Astrup mamlakatda mehnat bozori demokratlashganidan dalolat beruvchi o‘zgarishlar kuzatilayotganligini qayd etgan. U bunga misol sifatida respublikada eng kam ish haqi miqdorining ilk marta kasaba uyushmalari va ish beruvchilar muhokamasiga taqdim etilganini e’tirof etgan. Shuningdek, terimchilar bilan fermer va to‘qimachilik klasterlari o‘rtasida norasmiy ish haqi bo‘yicha olib borilgan muzokaralar ko‘plab terimchilarning eng kam ish haqidan ancha yuqori ish haqi bilan ta’minlanishiga xizmat qilgan.

Loyiha doirasida XMT bilan birgalikda mamlakatda paxta terimi jarayonini monitoring qilib kelayotgan mustaqil inson huquqlari himoyachisi Shuhrat G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda «munosib ish o‘rinlari yaratish», aholini «munosib ish haqi va yaxshi mehnat sharoiti» bilan ta’minlashga e’tibor qaratish vaqti keldi.

XMTning uchinchi tomon monitoringi loyihasi Jahon banki bilan kelishuv asosida 2015 yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. Ma’lumot uchun, 2021 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan majburiy mehnatga qarshi kurashish hamda munosib mehnat sharoitlarini yaratish yuzasidan monitoring tadbirlari o‘tkazilgan edi. Mazkur monitoringlar natijasida mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 65 nafar mansabdor shaxsga jami 198 mln 450 ming so‘m miqdorda ma’muriy jarima tayinlangan, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganligi uchun 5 nafar mansabdor shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan va 1 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga kiritilgan.