Rossiya hukumati 22-fevral kuni Donetsk xalq respublikasi (DXR) hamda Lugansk xalq respublikasi (LXR) mustaqilligini rasman tan olganligini e’lon qildi. DXR va LXR 2014-yilda Ukraina inqilobidan so‘ng Ukraina suveren hududining Donetsk va Lugansk viloyatlarida separatist kuchlar tomonidan tuzilgan va o‘zini Ukrainadan mustaqil deb e’lon deb qilgan.

DXR va LXR ayni paytda faqat Rossiya va Suriya tomonidan mustaqil respublikalar sifatida tan olingan. Jahon hamjamiyati mazkur hududlarni Ukraina xalqaro tan olingan hududining bir qismi deb hisoblaydi.

“Gazeta.uz” dunyodagi boshqa shu kabi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan, biroq jahon hamjamiyati tomonidan tan olinmagan yoki qisman tan olingan hududlar to‘g‘risida qisqacha hikoya qiladi.

1933-yilda qabul qilingan Montevideo konvensiyasiga muvofiq davlatchilikning xalqaro miqyosda e’tirof etilgan mezonlari mavjud. Xususan, davlatchilikka da’vo qilayotgan hudud doimiy aholiga, belgilangan hududga, hukumatga va xalqaro munosabatlarni amalga oshirish qobiliyatiga ega bo‘lishi shart. Qolaversa, dunyo davlatlari tomonidan suverenitetning tan olinishi eng muhil omil hisoblanadi.

Tayvan

Tayvan yoki Xitoy Respublikasi (XR) konstitutsion tarzda 1912-yilda tashkil topgan. 1949-yilda Xitoyda kommunist va natsionalist kuchlar o‘rtasidagi ziddiyat natijasida kommunistlar g‘alaba qozongan va Xitoyning asosiy hududida Xitoy xalq respublikasiga (XXR) asos solgan. Natsionalistlar hukumati va armiyasi Tayvanga ko‘chib o‘tgan. Natijada hokimiyat ikkiga bo‘lingan va Tayvan Xitoydan ajralgan. 1990-yillarda Tayvan hukumati Xitoyning asosiy hududiga da’vo bilan chiqqan. O‘z navbatida XXR Tayvan ustidan hukmronlik da’vosi bilan javob qaytargan. Tayvan va XXR bir-birining davlatchiligini tan olmaydi. Har ikkisi o‘z versiyasidagi “Yagona Xitoy” siyosatini ilgari suradi. Unga ko‘ra, hech bir davlat bir vaqtning o‘zida ikkala respublikani ham tan olishi mumkin emas.

Hozirgi kunda Tayvanning suveren davlatchiligi 15 ta davlat tomonidan tan olingan. Shunga qaramay, Osiyoning eng yirik iqtisodiy o‘yinchisi va jahonning eng yirik kompyuter texnologiyalari ishlab chiqaruvchisi sifatida Tayvan bir qator rivojlangan mamlakatlar bilan norasmiy diplomatik aloqalarga ega.

SADR

Sahroi Arab Demokratik Respublikasi (SADR) hozirgi kunda G‘arbiy Sahroi Kabirning Marokash tomonidan egallab turilgan bahsli hududida hukmronlikka da’vo qiluvchi davlat. SADR 1976-yilda Jazoirda joylashgan va asosan G‘arbiy Sahroi Kabirning mahalliy ko‘chmanchi aholisidan tashkil topgan harbiy-siyosiy tashkilot — Polisario fronti tomonidan mustaqil deb e’lon qilingan. Polisario fronti surgundagi hukumat tuzilganligini ma’lum qilgan holda, Marokash va Mavritaniya hududlari ustidan o‘z nazoratini o‘rnatish maqsadida kurash olib borgan. Mavritaniya surgundagi hukumat bilan sulhga erishgan va o‘z hududi uchun da’vo qilishdan voz kechgan. Marokash Mavritaniyaning bir qismi ustidan o‘z nazoratini o‘rnatib, uning to‘liq hududiga da’vo qilgan. Hudud bugungi kungacha munozarali hisoblanadi.

SADR mustaqilligi dunyoning 80 ta davlati tomonidan turli darajada tan olingan, biroq 1990-yillarda ulardan ayrimlari bu qarorlarini bekor qilishgan yoki shubha ostida qoldirishgan.

Shimoliy Kipr


Shimoliy Kipr Turk respublikasi 1983-yilda o‘zini Kipr respublikasidan mustaqil deb e’lon qilgan. Kipr respublikasida etnik ko‘pchilik kiprlik greklar va etnik ozchilik kipr turklari o‘rtasidagi ko‘p yillik mojarolar va 1974-yilda Kipr oroliga Turkiya tomonidan bostirib kirilishi voqealari orolda hokimiyatning, xalqaro miqyosda tan olinmagan bo‘lsa-da, bo‘linishiga olib keldi va uning shimoliy qismida de fakto Turk Kipri davlati tashkil topdi. Shimoliy Kipr Turk respublikasi mustaqilligi faqatgina Turkiya tomonidan tan olingan.

Janubiy Osetiya


Janubiy Osetiya 1991-yilda o‘zini Gruziya SSRdan mustaqil deb e’lon qilgan. Janubiy Osetiya Buyuk Kavkaz tog‘larining janubiy yonbag‘rida joylashgan hududlar ustidan nazoratni o‘z qo‘liga olgan. Mintaqa aholisining uchdan ikki qismi sharqiy eron tilida so‘zlashuvchi kavkaz xalqi — osetinlardan iborat (osetinlar, shuningdek, shundoqqina qo‘shni hudud — Buyuk Kavkaz tog‘larining shimoliy yonbag‘rida — Rossiyada joylashgan Shimoliy Osetiyada ham istiqomat qilishadi). Aholining qolgan qismining aksariyatini gruzinlar tashkil etadi. 2008-yilda Gruziya va Janubiy Osetiya o‘rtasidagi ziddiyatlar Rossiya-Gruziya urushiga sabab bo‘lgan va Janubiy Osetiya Rossiya qo‘llovi ostida sobiq janubiy Osetiya avtonom viloyati hududida de fakto o‘z nazoratini o‘rnatgan.

Janubiy Osetiya mustaqilligi 5 ta davlat, jumladan, Rossiya, Nauru, Nikaragua, Venesuela va Suriya tomonidan tan olingan.

Abxaziya


Abxaziya 1999-yilning noyabrida uzoq davom etgan bahslar va harbiy ziddiyatlardan so‘ng o‘zini Gruziyadan mustaqil deb e’lon qilgan. Gruziya tarkibiga kiruvchi, Qora dengiz bilan chegaralangan Abxaziya hududida 1992-yilda separatist kuchlar Abxaziya mustaqilligini qo‘lga kiritish maqsadida Gruziya hukumatiga qarshi qurolli qo‘zg‘olon ko‘taradi. 1993-yilda isyonchilar Gruziya kuchlarini mag‘lub etib, Abxaziya ustidan nazorat o‘rnatadi. 1994-yil may oyida esa o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha sulh tuziladi. Biroq sulh tuzilganligi va keyinchalik mintaqaga Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritilishiga qaramay, harbiy harakatlar davom etgan va 1999-yilda mintaqa, xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinmagan bolsa-da, o‘z mustaqilligini rasman e’lon qilgan.

BMT Gruziyaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashiga qaramay, 2008-yilda Janubiy Osetiya bilan bog‘liq ziddiyatlar fonida 5 ta davlat, jumladan, Rossiya, Nauru, Nikaragua, Venesuyela va Suriya Abxaziyani mustaqil davlat sifatida tan olgan.

Gruziya konstitutsiyasiga ko‘ra, Abxaziya mamlakatning avtonom qismi hisoblanadi.

DXR


Donetsk xalq respublikasi (DXR) 2014-yilda Ukrainadagi inqilobdan keyin o‘zini Ukrainadan mustaqil deb e’lon qilgan. Ukraina sobiq prezidenti Viktor Yanukovich mamlakatda chuqur ildiz otgan korrupsiya va Maydandagi norozilik harakatiga nisbatan shaftaqsizlarcha munosabati sabab 2014-yil fevralida hokimiyatdan chetlatildi. 2014-yil aprelida Donetsk havzasidagi Ukraina hududining keng qismi Rossiya qo‘llovidagi isyonchilar nazoratiga o‘tdi. Isyonchilar Ukrainadan mustaqil Donetsk xalq respublikasi tuzilganini e’lon qilishdi va butun mintaqada harbiy harakatlar hozirgi kungacha davom etdi.

DXR mustaqilligi hozirda faqat Rossiya va Suriya, shuningdek, BMTga a’zo bo‘lmagan Abxaziya, Lugansk xalq respublikasi va Janubiy Osetiya tomonidan tan olingan. Biroq de yure Donetsk viloyati Ukraina suveren hududi tarkibiga kiradi.

LXR


Lugansk xalq respublikasi (LXR) 2014-yilda Ukrainadagi inqilobdan so‘ng, Donetsk singari, o‘zini Ukrainadan mustaqil deb e’lon qilgan. 2014-yilda Qrim Rossiya tomonidan anneksiya qilinganidan keyin boshlangan qurolli qo‘zg‘olondan beri Lugansk (shu jumladan, Donetsk) va Kiyev armiyasi o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib kelgan. Ukraina hamda G‘arb davlatlri qo‘zg‘olon Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, degan fikrda.

LXR mustaqilligi hozirda faqat Rossiya va Suriya, shuningdek, BMTga a’zo bo‘lmagan Abxaziya, Donetsk xalq respublikasi va Janubiy Osetiya tomonidan tan olingan. Biroq de yure Lugansk viloyati Ukraina suveren hududi tarkibiga kiradi.

Transnistriya


Transnistriya yoki Pridnestroviya Moldova Respublikasi 1990-yilda o‘zini Moldovadan mustaqil deb e’lon qilgan, Moldovadagi separatist anklav hisoblanadi. 1994-yilda ratifikatsiya qilingan Moldova konstitutsiyasiga ko‘ra Transnistriyaga avtonomlik berilgan bo‘lsa-da, Rossiya harbiy kuchlarining mavjudligi sababli muammoli hududga aylandi.

Moldova sanoatining katta qismi Transnistriyada joylashgan. 2005-yilda Transnistriya hukumati Moldovani elektr energiyasi ta’minotidan uzib qo‘ygan. 21-asr boshlarida Transnistriya hududida Rossiya harbiy kuchlarining mavjudligi Moldova-Rossiya munosabatlarining keskinlashuviga sabab bo‘lgan edi.

Pridnestroviya Moldova Respublikasi suvereniteti dunyoning (BMTga a’zo) hech bir davlati tomonidan tan olinmagan. Faqatgina BMTga a’zo bo‘lmagan Abxaziya, Janubiy Osetiya hamda Artsax tomonidan e’tirof etilgan.

Artsax


Artsax, sobiq Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi o‘z mustaqilligini 1991-yilda e’lon qilgan. Bungacha Ozarbayjon SSRning avtonom hududi hisoblangan.

Sovet hukumati Tog‘li Qorabog‘ hududini 1923-yilda Ozarbayjon SSR tarkibidagi etnik armanlardan tashkil topgan avtonom viloyat deb e’lon qilgan. 1991-yilda Ozarbayjon Sovet ittifoqidan ajralib, mustaqillikni qo‘lga kiritgach, armanlar va ozarbayjonlar o‘rtasida hududda urush boshlangan. 1990-yillarning boshlarida Armaniston ko‘magi bilan Qorabog‘ armanlari Ozarbayjonning janubiy-g‘arbiy qismi, jumladan, Tog‘li Qorabog‘ hududi va anklavni Armaniston bilan bog‘lab turuvchi hududlar ustidan o‘z nazoratini o‘rnatgan. Rossiya vositachiligida o‘tgan muzokaralar natijasida o‘t ochishni to‘xtatish xususida kelishuvga erishilgan bo‘lsa-da, bu ziddiyatga yechim bo‘la olmagan va kelishuvga har doim ham amal qilinmagan. Armaniston va Ozarbayjon orasidagi munozarali hudud ortidan ziddiyatlar o‘tgan davr mobaynida faqatgina murakkablashib bormoqda.

Hozirgi kunda ham Tog‘li Qorabog‘ de yure Ozarbayjon hududi hisoblanadi. Artsax mustaqilligi faqatgina BMTga a’zo bo‘lmagan uchta davlat tomonidan tan olingan: Abxaziya, Janubiy Osetiya hamda Transnistriya.

Somalilend


Somalilend respublikasi 1991-yilning mayida o‘zini Somalidan mustaqil deb e’lon qilgan. U 1980-yillarda Somalida bo‘lib o‘tgan fuqarolik urushidan keyin hukumat muxolifati — Somali milliy harakati tomonidan tuzilgan. 2001-yilda o‘tkazilgan referendumda Somalilend aholisi mustaqillikni yoqlab ovoz berishadi. 2003-yilda Somalilend hukumati Somali bilan qayta birlashish yuzasidan muzokaralar o‘tkazish taklifini rad etadi.

Hozirgi kunda Somalilend bir qator davlatlar bilan norasmiy diplomatik aloqalarga ega. Biroq hech qanday davlat tomonidan rasman tan olinmagan va jahon hamjamiyati uni Somali hududining bir qismi deb biladi.

Ambazoniya


Ambazoniya federativ respublikasi 2017-yilning 1-oktabrida o‘zini Kamerunning asosan g‘arbiy, ingliz tilida muloqot qiluvchi hududlari ustidan hukmronlik qiluvchi, Kamerundan mustaqil davlat sifatida e’lon qilgan. Kamerun uni jinoiy tashkilot deb hisoblaydi. Biroq unga qarshi urush e’lon qilgani holda, mustaqilligini tan olgan.