Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bosqinining birinchi kunida 137 nafar harbiy halok bo‘lgani, yana 316 nafari jarohatlangani haqida bayonot berdi.

Zelenskiy shuningdek, Kiyevda «xalqim bilan yolg‘iz o‘zim qoldim», deb aytgan. «Vatanimiz himoyasi masalasida biz yolg‘iz qoldik. Hamma qo‘rqmoqda, hech kim biz bilan birgalikda jang qilmoqchi emas», deb qo‘shimcha qilgan Ukraina prezidenti.

«Biz Rossiya bilan barcha mavzuda gaplashishdan qo‘rqmaymiz, xavfsizlik kafolatlari, Ukrainaning neytrallik maqomi haqida. Muhimi: kafolatlar qanday bo‘ladi va aynan qaysi davlatlar tomonidan bu kafolatlar taqdim etiladi», degan Zelenskiy.

Shuningdek, Rossiyaning 7 ta samolyoti, 7 ta vertolyoti, 24 ta tanki va 24 ta zirhlangan texnikasi yo‘q qilingani, Rossiya askarlari asir olingani xabar qilinmoqda. Biroq RF bu xabarlarning barchasini rad etmoqda.

Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar «dushman tomonning shaxsiy tarkibidagi yo‘qotishlar taxminan 800 kishini tashkil etayotgani, ma’lumotlar aniqlashtirilayotganini» qo‘shimcha qilgan.

25 fevralga o‘tar kechasi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy umumiy safarbarlik chaqiruvini e’lon qildi.

Zelenskiy ertami-kechmi Rossiya va Ukraina o‘rtasida jangovar harakatlarni to‘xtatish haqida muloqot boshlanishini aytdi.