Toshkent shahrining 10 tumanidagi Davlat xizmatlari markazlari fuqarolarning haydovchilik guvohnomalarini almashtirishi uchun so‘nggi mijoz qolgunicha xizmat ko‘rsatadi. Bu haqda DXA matbuot xizmati xabar berdi.

Avvalroq, eski haydovchilik guvohnomalari quyidagi muddatlarda yangisiga majburiy almashtirilishi xabar qilingandi:

  • 2010 yilgacha berilganlari — 2022 yil 31 martgacha;
  • 2010−2012 yillarda berilganlari — 2022 yil 30 iyungacha;
  • 2013−2015 yillarda berilganlari — 2022 yil 30 sentabrgacha;
  • 2015 yildan keyin berilganlari — 2022 yil 31 dekabrgacha.

Ta’kidlanishicha, buning ortidan «prava»ni almashtirish istagida DXMlarga kelayotgan fuqarolar soni keskin oshgan, bunda boshqa viloyatlardan poytaxtda vaqtincha yurganlar ham xizmat uchun murojaat qilmoqda.

Grafika: DXA matbuot xizmati.

25 fevral holatiga, bitta DXMga kuniga 300−700 kishi ushbu xizmat uchun kelmoqda. Respublika bo‘yicha kuniga 4 mingga yaqin, Toshkent shahridagi bitta DXMda 200−250 ta atrofida almashtirib berilmoqda. 2020 yilda — 118 042 ta, 2021 yilda — 279 842 ta «prava» almashtirilgan. Shu yilning yanvarida 21 998 ta, fevralning 25 kunida — 49 832 ta xizmat ko‘rsatilgan.

Shundan kelib chiqib, fuqarolarga davlat xizmatini ko‘rsatishda qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida Toshkent shahrining Mirobod, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Yakkasaroy, Sergeli, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Olmazor, Yunusobod tumani DXMlarida 21 fevraldan «So‘nggi mijozgacha» ish rejimi tashkil qilindi.

«Buning uchun ish grafigi mehnat qonunchiligi doirasida qayta ko‘rib chiqildi», — deyiladi xabarda.

Bunda DXMlar orqali haydovchilar dushanbadan-juma kuniga qadar ertalab soat 9:00 dan kechgacha hamda shanba kuni soat 09:00dan 13:00 ga qadar xizmatdan foydalanishlari mumkin.

DXA qo‘shimcha qilishicha, eski «prava»ni yangisiga almashtirish uchun nafaqat DXMlarga, balki bevosita vakolatli idora IIBB YHXB bo‘limlariga ham murojaat qilish mumkin.