Nyu-Yorkda Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishi chaqirildi. Ishtirokchilar RFni zudlik bilan harbiy operatsiyani to‘xtatishga va qo‘shinlarni Ukrainadan chiqarishga chaqirdi.

Jumladan, Germaniyaning BMTdagi doimiy vakili Ante Lendertse hozirda barcha ishtirokchilar Yevropa bir necha avloddan buyon guvoh bo‘lmagan harbiy eskalatsiya vaqtida uchrashib turishganini ta’kidlab, Moskvani zudlik bilan harbiy operatsiyani to‘xtatishga va o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishga chaqirdi, deyiladi RIA Novosti xabarida.

«Biz yuz berishi mumkin bo‘lgan eng yomon voqeaning oldini olishga urinib, shoshilinch yig‘ilish chaqirgan bir vaqtimizda, barchamiz Rossiya prezidenti Donbassda maxsus harbiy operatsiyani boshlashga buyruq berganidan xabar topdik, Rossiya bor harakatni Ukrainani demilitarizatsiyasiga yo‘naltirgan. Rossiya shu tariqa urushni tanladi. Fransiya bu operatsiyani eng keskin tarzda qoralaydi», deb qayd etgan Fransiyaning BMTdagi doimiy vakili Nikolya de River.

Amerikaning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild Vashington Moskvani qoralaydigan rezolyutsiya loyihasini kiritishini ma’lum qilgan.

«Biz Kengashda tinchlikka erishish umidida yig‘ilgan bir vaqtimizda, Putin urush haqida e’lon qildi. Bu jiddiy favqulodda holat. Kengash harakat qilishi kerak va biz ertaga taqdim qilamiz <...> Bugun prezident Baydent aytganidek, Rossiya ushbu hujum oqibatida bo‘ladigan vayronagarchiliklar va qurbonlar uchun javobgar bo‘ladi. Bizning ittifoqdoshlarimiz va sheriklarimiz yagona va qat’iy tarzda bunga javob qaytaradi. Dunyo Rossiyani javobga tortadi», degan Linda Tomas-Grinfild.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Rossiyaning Donbassdagi operatsiyasini qoralashini ma’lum qildi.

«Ushbu notinch damlarda biz Ukraina va asossiz tarzda amalga oshirilgan bosqinchilik oqibatida o‘z hayotidan havotirga tushayotgan begunoh ayollar, erkaklar va bolalar haqida tashvish tortmoqdamiz. Biz Kremlni javobgarlikka tortamiz», — deb yozgan Yevrokomissiya rahbari Twitterda.

Yevrokomissiya Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketini taklif etadi, deb qo‘shimcha qilgan, Ursula fon der Lyayen.

«Bu sanksiyalar paketi bilan Rossiya strategik sektorini nishonga olamiz. Rossiya uchun muhim hisoblangan texnologiyalar va bozorlarni yopamiz. Biz Rossiyaning iqtisodiy bazasini va uning modernizatsiyalanish imkoniyatlarini kuchsizlantiramiz. Bundan tashqari, biz Rossiyaning Yevropa ittifoqidagi aktivlarini muzlatamiz va Rossiya banklari uchun Yevropa moliyaviy bozorini yopamiz», — degan YeK. rahbari.

BMT yig‘ilishidan keyin Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo Moskvani qoralab bayonot e’lon qilgan.

«Kanada Rossiyaning Ukrainaga amalga oshirgan yo‘l qo‘yib bo‘lmas darajadagi hujumini keskin tarzda qoralaydi. Bu asossiz harakatlar Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligining yana bir bor ochiq-oydin buzilishidan dalolat beradi», deyiladi hujjatda.

Jastin Tryudo «Rossiya tomonidan bo‘layotgan tajovuz to‘xtatilishi uchun qo‘shimcha choralar ko‘rilishini» ma’lum qilgan.

BMT yig‘ilishida Rossiya tomonidan uning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya chiqish qilib, G‘arb mamlakatlari tomonidan Rossiya agressiya haqida bildirilgan fikrlarni rad etgan.

«Biz Ukraina xalqiga qarshi emas, Kiyevda hukumatni qo‘lga olgan xuntaga qarshi agressiya namoyon etyapmiz», deb aytgan diplomat.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24 fevral kuni ertalab millatga telemurojaatida Donbass hududida «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qildi. Putinning murojaati tugashi bilanoq, Kiyev, Xarkov, Mariupol, Odessa va Ukrainaning boshqa shaharlarida portlashlar boshlandi, deya xabar berdi UNIAN axborot agentligi. Donbassdagi separatistlar tomonidan ham otishmalar boshlandi.

Shuningdek, 24 fevralga o‘tar kechasi BMT xavfsizlik kengashi Ukraina atrofidagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilishni chaqirdi. BMT bosh kotibi o‘z chiqishida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaga bostirib kirishni to‘xtatishni, «tinchlikka imkon berishini» so‘ragan va tinchlik o‘rnatishga chaqirdi.