Rossiya Mudofaa vazirligi Ukraina havodan hujumga qarshi mudofaa obyektlari to‘liq bostirilganini e’lon qildi, deb xabar bermoqda RIA Novosti.

RF Mudofaa vazirligi sal avval Ukraina chegarachilari Rossiya harbiy bo‘linmalariga hech qanday qarshilik ko‘rsatmayotgani haqida xabar tarqatgan edi. Ta’kidlanishicha, Ukraina Qurolli kuchlari aviabazalari harbiy infratuzilmalari ham to‘liq ishdan chiqarilgan.

RF Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina harbiy infratuzilmasi, havo hujumidan mudofaa obyektlari, harbiy aerodromlar, mamlakat qurolli kuchlari aviatsiyasi yuqori aniqlikka ega bo‘lgan yo‘q qilish vositalari yordamida ishdan chiqarilgan. Shu bilan birga, vazirlik tinch aholiga hech narsa tahdid solmasligi haqida qo‘shimcha qilgan.

Bir vaqtning o‘zida UNIAN axborot agentligi Ukraina bosh shtabi Donbassdagi harbiy harakatlar zonasida tajovuzkor tomonning beshta samolyoti va vertolyoti urib tushirilgani haqida xabar berdi.

Agentlik shuningdek, Ukraina QK piyoda qo‘shinlari tomonidan Rossiyaning ikkita tanki yo‘q qilingani haqida xabar berdi.

Shuningdek, xabarda Ukraina tomoni butun tun davomida kibermaydon muhofaza qilib kelingani aytilgan.

«Barcha bazaviy axborot resurslariga kiberhujumlar bo‘lgan va to‘xtovsiz davom etmoqda. Barcha komandalar joyida. Hotirjamlikni saqlaymiz va vahimaga berilmaymiz», deyilgan xabarda.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24 fevral kuni ertalab millatga telemurojaatida Donbass hududida «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qildi. Putinning murojaati tugashi bilanoq, Kiyev, Xarkov, Mariupol, Odessa va Ukrainaning boshqa shaharlarida portlashlar boshlangani haqida xabar berildi. Donbassdagi separatistlar tomonidan ham otishmalar boshlandi.

Shuningdek, 24 fevralga o‘tar kechasi BMT xavfsizlik kengashi Ukraina atrofidagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilishni chaqirdi. BMT bosh kotibi o‘z chiqishida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaga bostirib kirishni to‘xtatishni, «tinchlikka imkon berishini» so‘ragan va tinchlik o‘rnatishga chaqirdi.

Hozirda Ukraina hukumati tomonidan mamlakat bo‘ylab harbiy holat e’lon qilingan.