«Gazeta.uz» 24 fevral kuni erta tongda Rossiya harbiy operatsiya boshlagan Ukrainada yashovchi odamlarning hikoyalarini to‘pladi. Ular bosqin boshlangani haqida qanday xabardor bo‘lganlari, o‘z shaharlarida nimalar bo‘layotgani va mahalliy hokimiyat tomonidan qanday choralar ko‘rilayotgani haqida so‘zlab berishdi. Suhbatdoshlarning ba’zilari anonim qolishni istashdi.

Yuliya, 39 yosh, Kiyev

Ertalab soat 5 da portlash ovozidan uyg‘ondik. Axborot maydoni ehtimoliy bosqin haqidagi ma’lumotlar bilan to‘lib-toshgani sababli Rossiya Ukrainaga qarshi urush boshlaganiga shubha yo‘q edi.

Birinchi reaksiya — favqulodda chamadonni yig‘ish, oilalarni olib ketish va bombapanohga yaqinroq bo‘lish uchun do‘stlarnikiga borish bo‘ldi. Yana bir tushunarsiz narsa — qanday qilib XXI asrda Ukrainaga, tinch davlatga bunday munosabat bo‘lishi mumkin?

Ikki oydan oshdi, mediada Ukrainaga harbiy intervensiya ehtimoli muhokama qilinmoqda, shuning uchun biz Rossiya hukumatining niyatlaridan yaxshi xabardor edik. Ammo bunday bo‘lishiga ishonishni xohlamasdik.

Kiyevda vahima yo‘q, do‘konlar va dorixonalar ochiq, navbatlar yo‘q, mahsulotlar mavjud. Maktablar onlayn ta’limga o‘tdi. Odamlarga uyda qolish tavsiya etiladi. Harbiy holat e’lon qilindi.

Bugungi voqealar boshlanmasidan avvalroq odamlarga eng zarur narsalar bilan trevoga chamadonchasi, birinchi tibbiy yordam to‘plamini tayyorlash va eng yaqin bombapanohning qayerdaligini bilib qo‘yish tavsiya qilingandi. Tavsiyalar oddiy: uyda qolish, vahimaga tushmaslik va xotirjamlikni saqlash, faqat rasmiy manbalardan olingan ma’lumotlarga ishonish va trevoga chalingan taqdirda bombapanohga borish.

Axborot xurujlari, kiberhujumlar avj olgan, vahima uyg‘otish uchun soxta xabarlar tarqatilmoqda. Shuning uchun hech qanday norasmiy manbalarni o‘qimayman. Faqatgina Prezident idorasi, Mudofaa vazirligi va Vazirlar Mahkamasi saytlari kabi rasmiy manbalarga ishonaman.

A. P, 37 yosh, Kiyev

Bosqin boshlangani haqida qayerdan bildik? Biz ertalab soat 5 atrofida portlashlarni eshitib, bilib oldik. Erimning telefoni jiringladi, otasi «Boshlandi», dedi. Axborot hujumlari dekabr oyidayoq, 16 dekabrda, onamning tug‘ilgan kunida boshlangan va biz allaqachon bunday eskalatsiya ehtimoli haqidagi xabarlar ta’siri ostida edik.

Fevralda oramizda ana-mana kompleks kalendar: cherkov bayramlari, tomorqachilik, oy va bosqin taqvimi chiqib qoladi degan hazillar paydo bo‘lgandi. Bu bema’nilik, qandaydir kulgili, lekin aslida biz bu mavzudagi axborot oqimidan juda charchadik. Bugun keskinlik qandaydir yumshadi — bu sodir bo‘ldi.

O‘zingizning tinch shahringizda portlashlardan uyg‘onish — qo‘rqinchli. Tashvish va keskinlik chulg‘ab oladi. Qo‘rquv. Vahima. Ojizlik. Biz o‘qish, ma’lumot qidirish, ikki martalab tekshirishga shoshildik (so‘nggi bir necha oy ichida o‘rganganmiz). Telefonlar chatlardan qizib ketdi, bu hamma uchun muhim edi: «Qandaysiz? Tirik! Sizchi? Tirik! Harbiy bosqin bo‘lishiga ishonganmidik? Ha va yo‘q. Mana, siz ishongandingizmi? Sog‘lom odamning kallasiga bu qanday qilib kelishi mumkin? Oruell (ingliz yozuvchisi Jorj Oruell — tahr.) ancha oldin bu sxemani shunday ta’riflagan edi: «Urush — tinchlik, haqiqat — yolg‘on», aftidan, u oldindan shunday bo‘lishini bilgan va rus axborot kanallarining ritorikasini yozgandek.

Har xil narsalar sodir bo‘ladi. Odamlar qo‘rqib ketishdi. Biz qo‘rqqanimizda, nima birinchi o‘ringa chiqadi? Yashab qolish. Ha, navbatlar paydo bo‘ldi. Odamlar omon qolish uchun muhim bo‘lgan narsalarni g‘amlashdi.

Qo‘llab-quvvatlash ham bor — rasmiylar axborot bilan qo‘llab-quvvatlaydi — har soatda Prezident idorasida brifing. Odamlar bir-birlarini qo‘llab-quvvatlaydilar — ular kerakli joyga borishga yordam berishadi, xotirjamlik saqlashga harakat qilishadi. Har birimiz qo‘limizdan kelganini qilamiz. Biz o‘z imkoniyatimiz darajasida, hukumatning tavsiyalarini inobatga olgan holda harakat qilyapmiz.

Favqulodda holat joriy etildi. Bank tizimi, ta’minot tizimi, harbiylar, shifokorlar — barchasi ishlamoqda. Bugun transport bepul — yetib borish, yashirinish (masalan, metroda) mumkin. Do‘konlar, transport, dorixonalar, yoqilg‘i quyish shoxobchalari, bankomatlar, aloqa kanallari ishlamoqda. Shunday kunda ishga chiqqan odamlarga rahmat!

Tavsiyalar vaziyatga qarab muntazam ravishda yangilanmoqda. Asosiysi, uyda qolish va eng yaqin bombapanohni topish. O‘zimiznikilarni ko‘rdim, eshigimizni ertalabdan mas’ullardan kimdir ochdi. Shu insonga ham rahmat.

Natalya, 40 yoshda

Ertalab soat 5 larda uyg‘ondim. Avvaliga tovushlarni momaqaldiroqqa o‘xshatdim. Ammo ular soni oshib, aviatsiya ovozi ham eshitilgach, boshlanganini anglab yetdim…

Qo‘rquvni his qildik, albatta. Biz narsalarni, hujjatlarni yig‘ishni boshladik… Qizimni uyg‘otdim. Bu shu kunlarda, XXI asrda sodir bo‘lishi mumkinligiga bugungacha ishonmagandik. Lekin, albatta, biz barcha ehtimoliy ssenariylar haqida ogohlantirilgandik. Hamma joyda har qanday holatda nimalarni to‘plash kerakligi, o‘zini qanday tutish lozimligi, bombapanohlar xaritalari va boshqalar haqida ma’lumotlar bor edi. Qayerga borish kerak, nima qilish kerak. Ammo bularning barchasi har ehtimolga qarshi, tayyor bo‘lib turish, vahimaga tushmasligimiz uchun edi.

Mening shahrim poytaxtdan 35 km uzoqlikda joylashgan. Hamma joydagi harbiy lokatsiyalar bombardimon qilindi. Ukrainaning barcha yirik shaharlarida va chegaralarda bo‘lgani kabi, harbiy aeroportimiz ham hujumga uchradi.

Oziq-ovqat va boshqa narsalar bo‘yicha oldindan tayyorgarlik ko‘rdik. Shuning uchun men shaxsan hozir shaharda nima bo‘layotganini ko‘rmadim. Ammo do‘stlar aytishyapti, ha, yoqilg‘i quyish shoxobchalarida, dorixonalarda, do‘konlarda navbatlar, balki bordir. Lekin bizning do‘konlarimiz hammasi mahsulotlar va boshqa narsalar bilan to‘ldirilganligi sababli, men kollaps bo‘ladi deb o‘ylamayman.

Bugun birlamchi ehtiyojga kirmaydigan do‘konlar ochilmadi. Shahar hokimi har qanday holatda ham dorixonalar ishlashini aytdi. U Facebook orqali aholiga murojaat qiladi. Ertalabdanoq barcha ko‘rsatmalarni berdi: nima qilish kerak, qayerga qo‘ng‘iroq qilish zarur, ishonch telefonlari raqamlari. Vahimaga tushmasligimiz uchun — chunki bizni qo‘rqitish va vahima yaratish maqsad qilingan.

Ertalab qishloqning barcha keksalari va shahardagi barcha mas’ullar yig‘ilishdi. Men idoralarimizning Telegram va Facebook`dagi barcha rasmiy sahifalari orqali [vaziyatni] kuzatib boraman. Hukumat soxta xabarlarga ishonmaslik va faqat ishonchli manbalarni tinglash, vahimaga tushmaslik va harbiy holatdagi ko‘rsatmalarga rioya qilishga chaqiradi.

Bankomatlarda navbat bor, lekin bank tizimi odatdagidek ishlayapti. Aloqa ishlamoqda. Ba’zi operatorlar yaxshi ishlaydi, ba’zilari birinchi martadan qo‘ng‘iroq qilishga imkon yaratmasada, lekin ikkinchi, uchinchi urinishda tushish mumkin. Internet ishlayapti.

Prezident har soatda murojaat yozib, xabardor qilmoqda. Harbiy obyektlar yaqinida bo‘lgan fuqarolarga bir muddat ketish yoki biror narsa sodir bo‘lsa, ko‘rsatmalarga rioya qilish tavsiya qilindi.

Biz bu oxirgisi bo‘lishiga, ular bombardimon qilishda davom etmasligiga juda umid qilamiz. Umid qilamizki, ular chekinadilar, nimadir hal bo‘ladi. Ammo bizni endi hech narsa ajablantirmaydi. Maktablar va bolalar bog‘chalari yopilgan. Transport bepul. Kasalxonalar ishlayapti. Barcha shifokorlar bor. Armiyamiz urushga yo‘l qo‘ymasligiga ishonamiz. Hozir ilgari ATOda (Ukraina sharqidagi aksilterror operatsiyasi, 2014−2018 — tahr.) bo‘lganlarning barchasi chaqirildi. Bor kuch bilan, ayniqsa oxirgi kunlarda yordam berishdi. Davlat sa’y-harakatlaridan tashqari, 2014 yildan buyon ko‘ngillilar ishlashmoqda.

Iya, 43 yosh, Kiyev

Televizion va onlayn kanallarimiz yangiliklaridan bilib oldim. Bu [bosqin bo‘lishi] kutilgan edi, lekin bunday bo‘lmaydi deb umid qilgandik.

Do‘konlar uchun navbatlar bor. Men uy oldidagi do‘konga bordim. Non ololmadim. Ikki daqiqada olib ketishibdi. Ertalab soat 7 dan navbatlar… Do‘kondagi ichimlik suvi sotilib ketdi. Odamlar un, xamirturush, yormalarga yopirilishdi va umuman olganda, rastalar deyarli bo‘sh.

Hukumat chora ko‘rmoqda, bombapanohlar tayyorlanmoqda, shahar patrul qilinmoqda. Vahima qilmaslik so‘ralmoqda.

Erta bo‘lmasligini, hozir va shu yer borligini his qilaman. Urush oddiy narsalarni qadrlashni o‘rgatadi. Chiniqish, jips va kuchli bo‘lishga majbur qiladi. Qadriyatlar o‘zgaradi, ortiqcha narsalar chetga suriladi.

Zarina, 46 yosh, Chernigov viloyati

Taxminan 6:00 — 6:30 larda ikkita portlash ovozi eshitildi, 10 daqiqadan so‘ng yana uchta, lekin kuchliroq. Qo‘rquv va dahshatni his qildik…

Butun Ukraina bungacha bormasligini umid qilgandi. Biz tinchlik uchun ibodat qilamiz. Albatta, odamlar shokda. Oziq-ovqat do‘konlaridagi navbatlar. Maktablar va bolalar bog‘chalari yopildi. Yoqilg‘i quyish shoxobchalarida ham navbatlar bor.

Prezidentimiz doimiy ravishda sodir bo‘layotgan voqealar haqida xabar berib, vahimaga tushmaslikni so‘ramoqda. Harbiylar hammasi yaxshi bo‘ladi, xalqni qo‘llab-quvvatlayapti, deb videolar jo‘natmoqda.