Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida turli davlatlar rahbarlari va tashqi ishlar vazirliklari bu borada o‘z pozitsiyalarini bildirishmoqda.

Jumladan, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Ukraina harbiy rahbariyati Rossiya tomonidan maxsus operatsiya o‘tkazilishi haqida ogohlantirilgan, degan bayonot bilan chiqdi. Lukashenko tarixga murojaat qilib, ikki davlat o‘rtasida to‘qnashuvlarning oldi olingani borasida misollar keltirdi.

«Menga qarang, axir tarixda bo‘lgan-ku, Xruev kechasi Kennediga qo‘ng‘iroq qilib, ikkalasi termoyadroviy urushni to‘xtatishgan. Bu yerda esa, qarang-ki, qo‘ng‘iroq qilish, go‘shakni ko‘tarish og‘irlik qilibdi. Yaramas», deya fikr bildirgan Lukashenko Ukraina prezidentini nazarda tutib.

Lukashenko shuningdek, Ukraina rahbariyati qon to‘kilishi va qirg‘inning oldini olish yo‘llarini izlashi kerakligini qo‘shimcha qilgan. Belarus prezidenti mamlakat qo‘shinlari Rossiya tomonidan o‘tkazilayotgan maxsus operatsiyada ishtirok etmayotganini ta’kidlab o‘tgan.

Chexiya prezidenti Milosh Zeman RFning Ukrainadagi harakatlarini tanqid ostiga olib, Ukraina xalqini qo‘llab-quvvatlashini aytgan.

«RF Ukrainaga hujum qildi. Gap asossiz agressiya haqida bormoqda», — deb aytgan Zeman vatandoshlarga murojaatida.

«Rossiya insoniyatga qarshi jinoyatni sodir etdi. Avvalroq, „ruslar Ukrainaga bostirib kiradigan darajada aqldan ozgan emas“, degan bo‘lsam, endi adashganimni bildim. Telbalarni izolyatsiya qilish kerak. Rossiyani izolyatsiya va yakkalanish kutmoqda», deb qo‘shimcha qilgan Chexiya rahbari.

Zeman shuningdek, Rossiyani SWIFT dan uzib qo‘yishga chaqirgan.

Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In Koreya Respublikasi Rossiyaga qarshi xalqaro sanksiyalarga qo‘shilishini ma’lum qilgan.

«Begunoh odamlarning o‘limiga olib kelishi mumkin bo‘lgan kuchning qo‘llanilishini hech qanday vaziyatda oqlab bo‘lmaydi, — deb aytgan Mun Chje In milliy xavfsizlik boshqarmasi rahbari dokladini tinglagach. — Jahon hamjamiyati tomonidan muntazam tarzda yangragan ogohlantirishlar va diplomatik say-harakatlarga qaramay, Ukrainaga ko‘pchilikni havotirga solgan qurollangan hujum baribir amalga oshirildi. Davlatlar o‘rtasidagi mojarolar urush emas, muloqot yo‘li bilan hal etilmog‘i kerak».

Litva prezidenti Gitanas Nauseda Ukrainadagi vaziyat tufayli nafaqat Rossiya, balki Belarusga nisbatan ham sanksiya kiritishga chaqirgan. Nauseda o‘zining sanksiya kiritish taklifini «zarur chora» deb atagan va buni «Ukrainaga qarshi tajovuz Belarus hududidan ham amalga oshirilayotgani» bilan izohlagan.

Litva prezidenti mamlakatda favqulodda holat joriy etish to‘g‘risida dekretni imzolaganini e’lon qilgan. Endi hujjatni mamlakat seymi tasdiqlashi kerak.

Germaniya kansleri Olaf Shols Putinni zudlik bilan Ukrainadan qo‘shinlarni olib chiqishga chaqirgan. Shols shuningdek, YeI bugunoq Rossiyaa qarshi yangi sanksiyalar qabul qilishini aytgan.

Xitoy TIV Rossiya Ukrainadagi harbiy operatsiyani Xitoydan fikr so‘ramasdan amalga oshirganini, RF buyuk derjava va unga Ukrainadagi vaziyatni hal etish uchun Xitoy yoki boshqa davlatning harbiy ko‘magi kerak emasligi haqida bayonot bergan.

Turkiya prezidenti Toyib Erdog‘an Rossiyaning harbiy harakatlari nomaqbulligini aytgan. Turkiya Ukraina hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan, ikkita do‘stona davlat shu ahvolga kelganidan tashvish bildirib, masalani muloqot yo‘li bilan, Minsk kelishuvlari asosida yechishga chaqirgan.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasini qoralab, zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirgan. Fransiya prezidenti Ukrainadagi vaziyat tufayli kiberxavfsizlik bo‘yicha barcha xizmatlarni shayligini oshirishni buyurgan. Fransiya rahbari Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini bildirib, urushga nuqta qo‘yish uchun barcha sheriklar va ittifoqdoshlar bilan ish olib borayotganini qo‘shimcha qilgan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Fransiya prezidenti millatga murojaat bilan chiqish qilgan va Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari BMT Nizomini buzayotganini ta’kidlab, Rossiyaga qarshi ko‘plab sektorlarni qamrab oladigan keng miqyosli sanksiyalarni joriy etish bilan tahdid qilgan.

RIA Novosti xabariga ko‘ra, Makron Rossiyaga qarshi sanksiyalar harbiy, iqtisodiy va energetika sohalarini qamrab olishini aytgan.

Isroil Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasini qoraladi.

«Rossiyaning Ukrainaga hujumi — bu xalqaro tartibning qo‘pol ravishda buzilishidir. Isroil bu bosqinni qoralaydi va Ukraina fuqarolariga insonparvarlik yordamini ko‘rsatishga tayyor. Isroil — urushni boshdan kechirgan davlat. Urush — masalaning yechimi emas», — deb bayonot qilgan payshanba kuni Isroil TIV rahbari Yair Lapid.

(Xabar to‘ldirilmoqda)