NATOga a’zo davlatlar payshanba kuni ertalab RFning Donbassdagi harbiy operatsiya bo‘yicha qaroridan so‘ng shoshilinch yig‘ilish o‘tkazish qarorini qabul qildi. Bu haqda Frans Press agentligi xabar bermoqda.

Sal avval NATO rahbari Yens Stoltenberg RFning Ukrainadagi harakatlarini qoralashi haqida bayonot bilan chiqqan edi.

«Men Rossiyaning Ukrainaga asossiz va xoinona hujumini keskin qoralayman. Hujum ko‘plab insonlarning hayotini xavf ostiga qo‘ymoqda», degan NATO rahbari o‘z bayonotida.

Stoltenberg Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirish harakatini «xalqaro huquqning jiddiy buzilishi», «yevroatlantika xavfsizligiga tahdid» sifatida baholagan.

NATO rahbari Rossiyani zudlik bilan harbiy harakatlarni to‘xtatishga, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlashga chaqirgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24 fevral kuni ertalab millatga telemurojaatida Donbass hududida «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qildi. Putinning murojaati tugashi bilanoq, Kiyev, Xarkov, Mariupol, Odessa va Ukrainaning boshqa shaharlarida portlashlar boshlandi, deya xabar berdi UNIAN axborot agentligi. Donbassdagi separatistlar tomonidan ham otishmalar boshlandi.

Shuningdek, 24 fevralga o‘tar kechasi BMT xavfsizlik kengashi Ukraina atrofidagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilishni chaqirdi. BMT bosh kotibi o‘z chiqishida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaga bostirib kirishni to‘xtatishni, «tinchlikka imkon berishini» so‘ragan va tinchlik o‘rnatishga chaqirdi.

Xabar to‘ldirilmoqda.