Ayni vaqtda Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi qurilishiga tamal toshini qo‘yish marosimida ishtirok etmoqda. Bu haqda bloger Aziza Qurbonova xabar berdi.

Prezident marosimda nutq so‘zlab, O‘zbekiston iqtisodiyoti va mudofaasini mustahkamlash kerakligiga to‘xtatib o‘tdi.

«Dunyo kun sayin emas, soat sayin tahlikali bo‘lib boryapti. Biz iqtisodiyotimiz, mudofaamizni mustahkam qilib, ishonch bilan jonajon vatanimizning qudratini ko‘tarishga harakat qilishimiz kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U shuningdek, yerlardan unumli foydalanilmayotganini tanqid qilgan.

«Qoraqalpog‘iston yeri 2 million xalqni bemalol boqa oladi. Nima qilish kerak? Aql va izlanish bilan, innovatsiya bilan undan foydalanish kerak. Qoraqalpog‘istonning havosi ham foyda berishi aniq. Necha yillar davomida bu yer energetika tanqisligini boshdan kechiryapti. Nega biz bunga ko‘p e’tibor beryapmiz? Agar biz katta korxonalar qurmoqchi bo‘lsak, keladigan investor ham infratuzilmang bormi, gazing, suving, yo‘ling, temir yo‘ling, aeroporting bormi deb so‘raydi. Korrupsiya bo‘lmaydimi, deb savol beradi», — dedi davlat rahbari.

Prezident Saudiya Arabistonining «ACWA Power» kompaniyasi 20ga yaqin yetakchi kompaniyalar o‘rtasida o‘tgan tanlovda 1 kVt/soat elektr energiyasi uchun 2,57 AQSh senti tarif taklifi bilan g‘olib deb topilganini adolatli va raqobat bilan bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, «ACWA Power» kompaniyasi Beruniy tumanida 100 MVt quvvatli yangi shamol elektr stansiyasini quradi. Mazkur elektr stansiya 2024 yilda ishga tushirilishi kutilmoqda va u yiliga 350 million kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 120 mingdan ortiq xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Buning natijasida 106 million kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi, ushbu hajmdagi tejalgan gaz bilan 35 mingta xonadonni 1 yil davomida tabiiy gaz bilan ta’minlash mumkin.