«O‘zavtosanoat» AJ kompaniyasi boshqaruv rahbari Shavkat Umurzoqov O‘zbekiston gimnastika federatsiyasiga yangi rahbar etib saylandi.

Federatsiyaning hisobot-saylov konferensiyasida uning nomzodi qo‘yilgan va delegatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullangan.

Ta’kidlanishicha, Shavkat Umurzoqov boshqaruvidagi «O‘zavtosanoat» AJ ushbu federatsiya uchun begona emas. Tashkilot uzoq yillardan beri federatsiyaning bosh homiysi hisoblanadi.

«Bugungi kunda federatsiyamiz dunyodagi 162 milliy federatsiyalar orasida eng yaxshi 10 tasidan biridir. Biroq oldimizda o‘z yechimini kutayotgan qator muammolar ham turibdi. Terma jamoalarga, malakali kadrlarga yetarlicha e’tibor berilmagani, moliyalashtirishning to‘liq emasligi bois bir qator istiqbolli sportchi va mutaxassislar sevimli ish joylarini tark etishdi. Ushbu lavozimga nomzodimni ilgari surishdan avval o‘zbek gimnastikasi tarixini o‘rganib chiqdim. Aytishim mumkinki, XX asr davomida qayd etilgan ulkan yutuqlar meni hayratga soldi. O‘zbek gimnastikasi eski an’analarini qayta tiklashi, uni jahonning yetakchi maktablaridan biriga olib chiqishi kerak, deb o‘ylayman. Bu kabi ezgu maqsadlarimizni tezroq amalga oshirish uchun bor kuch-g‘ayratimni ishga solishga va’da beraman», — dedi Shavkat Umurzoqov.

Shuningdek, konferensiya davomida federatsiyaning bir qator lavozimlariga nomzodlar tasdiqlangan.

Unga ko‘ra, Ruslan Bulatovich Mustayev federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari, Go‘zal Bahodirovna Filippova federatsiya bosh kotibi, Galina Vyacheslavovna Isroilbekova direktor sifatida faoliyatini davom ettiradi. Qolaversa, yo‘nalishlar bo‘yicha murabbiylar shtabi ham tasdiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Umurzoqov «O‘zavtosanoat»ga 2018 yilning iyun oyida kompaniyaning avvalgi rahbari korrupsiya sababli ishdan bo‘shatilgani tufayli rahbar etib tayinlangandi. Bunga qadar esa u Bosh prokuratura tizimida faoliyat ko‘rsatgan.