Ukrainada sodir bo‘lgan oxirgi yangiliklar

Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi Donetsk va Lugansk viloyatlaridan tashqari butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat e’lon qilishga qaror qildi. Favqulodda holat 30 kunlik muddatga joriy etilishi rejalashtirilgan, bu qaror endi Oliy Rada tomonidan tasdiqlanishi kerak. Bundan tashqari, Ukraina chegara xizmati Rossiya va Belarus bilan chegarada qo‘shimcha cheklovlar joriy qilmoqda. Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov deputatlar 48 soat ichida favqulodda holat joriy etilishini ma’qullashini kutmoqda.

Ukrainada davlat muassasalari veb-saytlariga yangi kiberhujum sodir bo‘ldi. Hukumat, Oliy Rada, Tashqi ishlar vazirligi saytlari ishlamadi. Mamlakat ichki ishlar va mudofaa vazirliklarining veb-saytlari sust ishlamoqda.

16 fevral kuni Ukraina hukumati veb-saytlariga DDoS hujumlari uyushtirilgandi, shu sababli Ukraina Ichki ishlar vazirligi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Kiyevda ular Rossiya va Xitoyni kiberhujumlar uyushtirganlikda gumon qilinayotganini ma’lum qildi. AQSh va Buyuk Britaniya ham Rossiyaning ishtirokini e’lon qildi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bu ayblovlarni rad etgan — Kommersant’.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi ukrainaliklarga Rossiya hududida konsullik yordami ko‘rsatish imkoniyati kutilayotgan cheklov tufayli ushbu davlatga har qanday safarlardan voz kechishni tavsiya qildi. Rossiyada bo‘lgan Ukraina fuqarolariga darhol chiqib ketish tavsiya etiladi — Interfaks.

Vazirlik «ushbu tavsiyalarni e’tiborsiz qoldirish Rossiyada Ukraina fuqarolari uchun tegishli himoyani ta’minlashni sezilarli darajada murakkablashtirishini» ta’kidladi.


Putin va Erdog‘an Ukraina sharqidagi mojaroni hal qilish bo‘yicha telefon orqali muloqot qildi

Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin va Rejeb Tayyip Erdog‘an telefon orqali muloqot qildi. Erdog‘an Turkiya Ukraina atrofidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishda yordam berishga tayyorligini aytdi. Shuningdek, u Turkiya DXR va LXRning tan olinishiga qarshi ekanligini va bu qaror Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi qaratilganligini ta’kidladi. Turkiya rahbari mintaqadagi harbiy mojaro hech kimga foydali emasligini qo‘shimcha qildi — Kommersant’.


Rossiya Tashqi ishlar vazirligi AQSh sanksiyalariga qarshi «kuchli va sezilarli javob» qaytarilishiga va’da berdi

Rossiya TIV AQShning DXR va LXR mustaqilligini tan olishi munosabati bilan joriy qilgan yangi sanksiyalariga «qattiq javob» berishga va’da berdi.

«Shubha bo‘lmasligi kerak — sanksiyalarga qat’iy javob beriladi, bu simmetrik bo‘lishi shart emas, balki Amerika tomoni uchun „kuchli va sezilarli javob“ bo‘ladi», —deyiladi Rossiya TIV bayonotida.


Shimoliy Koreya AQShni Yaponiyani Rossiyaga qarshi kampaniyaga jalb qilishda ayblamoqda

KXDR Tashqi ishlar vazirligi Qo‘shma Shtatlarni Yaponiyani Kuril orollari borasidagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab, «Rossiyaga qarshi kampaniyaga» jalb qilishda aybladi. Avvalroq, 7 fevral kuni AQSh Tokioning bahsli Kuril orollari bo‘yicha suverenitetini tan olishini ma’lum qilgandi — Kommersant’.

«Rossiya va AQSh o‘rtasida Ukraina bo‘yicha qarama-qarshilik keskin kuchaygan bir paytda Shimoliy hududlarda Yaponiya suverenitetini qo‘llab-quvvatlagan Qo‘shma Shtatlarning maqsadlari o‘zining kichik ittifoqchisi Yaponiyani urushning oldingi chizig‘iga surishdir», — deyiladi Shimoliy Koreya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida.


24 fevral kuni Bryusselda Ukraina bo‘yicha Yevropa Ittifoqining favqulodda sammiti bo‘lib o‘tadi

24 fevral kuni Bryusselda Rossiya tomonidan LXR va DXR mustaqilligini tan olishi munosabati bilan Yevropa Ittifoqi davlat va hukumat rahbarlarining favqulodda sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda chorshanba kuni Yevropa Kengashi prezidenti Charlz Mishelning ittifoqning 27 davlat rahbariga yo‘llagan maktubiga tayanib TASS xabar berdi.

«Rossiyaning tajovuzkor harakatlari xalqaro huquqni, Ukrainaning hududiy yaxlitligi va suverenitetini buzadi. Ular Yevropa xavfsizlik tartibiga ham putur etkazadi. Biz birlashib va qat’iyatli bo‘lib, jamoaviy yondashuv va harakatlarimizni birgalikda belgilashimiz muhim», — deyiladi xatda.