Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida fuqarolarni noqonuniy yo‘l bilan ishga kiritib qo‘yishda gumonlangan shaxslar qo‘lga olingani. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati xabar berdi.

Qashqadaryo viloyatidagi holatda departament va DXX xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro I.ni 4 ming dollar evaziga Milliy gvardiya tizimiga ishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan shaxs ashyoviy dalillar bilan ushlangani aytilmoqda.

Shu kabi holat Buxoro viloyatida ham kuzatilgan. Unda fuqaro O.U. boshqa bir fuqaro Sh. ning ishonchiga kirib, uni go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘limiga ishga joylashtirib qo‘yishni va’da bergani aytilmoqda. Buning evaziga 1500 dollarni olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.