Qozog‘istonda yanvar oyida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklardan so‘ng 18 nafar chet el fuqarolari hamon hibsda qolib kelmoqda. Ularning aksariyatini O‘zbekiston fuqarolari tashkil etadi, deb xabar bermoqda Tengrinews.

«Ommaviy tartibsizliklar sabab hibsga olinganlar orasida tergov izolyatorlarida 18 nafar xorij fuqarosi saqlanmoqda. Ularning 14 nafari — O‘zbekiston, ikki nafari — Rossiya, qolgan ikki nafari esa Qirg‘iziston fuqarosi», — deb ma’lum qilgan Qozog‘istonning inson huquqlari bo‘yicha ombudsmani Elvira Azimova.

Shuningdek, ombudsman hibsga olingan fuqarolar saqlanayotgan yopiq muassasalar monitoringi yakunini ham e’lon qilgan.

«Qamoqda saqlash sharoitlariga kelsak, 6 yanvardan keyingi dastlabki 48 soat ichida ichimlik suvi va oziq-ovqatdan o‘z vaqtida foydalana olmaslik holatlari aniqlangan. Vaqtinchalik saqlash izolyatorlari va qo‘lga olinganlar yetkazilgan qo‘shimcha binolarda muammo hibsga olinganlarning ko‘pligi bilan bog‘liq bo‘lgan. Keyinchalik vaziyat barqarorlashgan. 10 yanvardan keyin hibsga olingan barchaga uylaridan jo‘natmalarni qabul qilishga ruxsat berilgan. Bugungi kunda ovqatlanish me’yorlariga rioya qilinmoqda, biroq ovqatlanish sifati bo‘yicha bir qancha murojaatlar bor», — degan Elvira Azimova.

Qozog‘iston ombudsmani ma’lumotlariga ko‘ra, yanvar oyidagi tartibsizliklar tufayli bugungi kunda 197ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 16 fevral holatiga qamoqda qolganlar soni 728 nafarni tashkil etgan.

2 yanvar kuni Qozog‘istonning Mangistau viloyati Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi ikki baravarga (60 tengedan 120 tengega) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqishi bilan boshlangan edi. Shundan keyin, namoyishlar Aktau viloyati markazida ham bo‘lib o‘tdi, so‘ngra Qozog‘istonning boshqa hududlariga, jumladan poytaxt Nur-Sulton shahriga va sobiq poytaxt Olmaotaga ham tarqala boshlagan edi.