Samarqand viloyatining huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan 16 fevral kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand shahrida yashovchi haydovchilardan tamagirlik qilib kelgan bir guruh shaxslar faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Samarqand viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, muqaddam jinoiy javobgarlikka tortilgan 7 nafar shaxs «Samarqand-Navoiy» va «Samarqand-Buxoro» yo‘nalishida qatnovchi haydovchilardan zo‘ravonlik va tovlamachilik yo‘li bilan pul tama qilib kelgan. Xususan, ular doimiy yo‘nalishda taksi qiladigan haydovchilardan 300−500 dollardan, kunlik qatnovchi haydovchilardan 30 ming so‘mdan 50 ming so‘mgacha pul mablag‘larini talab qilishgan.

Guruh a’zolarining faoliyatiga qarshi chiqqan yoki so‘ralgan pul mablag‘larini bermagan haydovchilarga guruh tomonidan yollangan bir guruh uyushgan sportchilar tomonidan jismoniy tazyiq, zo‘ravonlik va og‘ir turdagi tan jarohatlari yetkazilgan.

Guruh yetakchilari V.F. va E.D.lar tadbirga jalb qilingan fuqarolarga tovlamachilik qilayotgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olingani aytilmoqda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan gumondorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.