Rossiyadan O‘zbekistonga olib kelinayotgan 7 ta sisterna benzinni o‘g‘rilagan shaxslarga jinoyat ishi ochildi, deb xabar berdi Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash departamenti.

Ta’kidlanishicha, Rossiyaning Orsk shahri neftni qayta ishlash zavodidan Toshkent shahrining Sirg‘ali 5-dahasida joylashgan «Carpe Diem Energy» MCHJ xorijiy korxonasiga AI-95 markali benzin yuklangan 7 ta sisterna vagonlar yuborilgan.

30 yanvar kuni fuqaro B.S Sh. D., D.I. va boshqa shaxslar bilan ushbu vagondagi maxsulotlarni o‘g‘rilashgani aytilmoqda.

Buning uchun ular vagonlarning tepa qismidagi lyukiga o‘rnatilgan tamg‘alarni kesib tashlab, o‘z boshqaruvlaridagi neftni tashishga mo‘ljallangan transport vositalariga yuklab, olib ketishgan, deyiladi xabarda.

Mazkur xolat yuzasidan B.S va boshqalarga nisbatan Tergov boshqarmasi O‘MIB tergovchisi mayor A.X.Ergashev JKning 169-moddasi 4-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Mazkur moddaga muvofiq, gumondorlar 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Dastlabki tergov xarakatlari davom etmoqda.