Mustaqil media markazlar va jurnalistlar xalqaro tarmog‘i platformasi OCCRP Shveysariyaning Credit Suisse bankining sizdirilgan 18 mingdan ortiq hisob raqamlarini o‘rganib, bank xizmat ko‘rsatgan muammoli mijozlar bo‘lganligini aniqladi. Bank tomonidan xizmat ko‘rsatilgan mijozlar orasida yuqori lavozimli siyosatchilar va ularning yaqinlari bor. Ular orasida 4 nafar o‘zbekistonliklar ham mavjud.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatovning rafiqasi Rano Ramatova nomida Credit Suisse bankida hisob raqami bo‘lgan. U 2010 yildan ushbu bankda 954 ming frank (1 mln 36 ming 906 dollar) pulni saqlangan.


Jurnalistlardagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rano Ramatova 2010 yilda Britaniya Virgin orollarida Kelran International Limited ofshor kompaniyasini ochgan. Shundan ko‘p o‘tmay u Shveysariya bankida hisob raqami ochadi.

«[2015 yil martida] Britaniya Virgin orollari moliyaviy regulyatori Keltranning agentiga kompaniyaga nisbatan pulni yuvish bo‘yicha tergov olib borilayotganini ma’lum qiladi va Ramatova haqida qo‘shimcha ma’lumot so‘raydi. Ramatova Orient Group kompaniyasidan tavsiyanoma oladi, lekin shundan ko‘p o‘tmay Credit Suisse bankidagi hisob raqamini yopadi», deya ta’kidlaydi jurnalistlar.

Hisob raqami bo‘yicha ishonchnoma uning qizi va Ochilboy Ramatov «O‘zbekiston temir yo‘llari» rahbari bo‘lgan paytda kompaniya bilan ishlagan Orient Group ham-ta’sischisiga berilgani aytiladi.

O‘zbekiston tennis federatsiyasining sobiq bosh kotibi (1998−2019) bo‘lgan Igor Shepelev Shveysariya bankida ikkita hisob raqamiga ega bo‘lgan. Shepelev 2006—2009 yillarda 2,05 mln franklik (2,24 mln dollar) va 2009−2014 yillarda 2,8 mln franklik (3,06 mln dollar) mablag‘larni bankda saqlagan.

2005 yilda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov farmoniga muvofiq «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirlangan Igor Shepelev farmon matnida Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi DXX) xodimi sifatida qayd etilgan.


Bankda hisob raqamiga ega bo‘lgan yana bir O‘zbekiston fuqarosi Gulrux Tillayeva — O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning kuyovi Temur Tillayevning qarindoshi ekanligi aytiladi. U Shveysariyaning Credit Suisse bankida turmush o‘rtog‘i Nikita Kalinichenko bilan umumiy hisob raqamiga ega. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Kalinichenko Tillayev nomidan Markaziy Osiyodagi eng yirik savdo markazlaridan biri bo‘lgan «Abu Saxiy»ni boshqargan.

Gulrux Tillayevaning mablag‘lari bankda 2009 yildan beri saqlanadi. Maksimal qiymati — 2 mln 226 ming 946 Shveysariya franki. Bu taxminan 2 mln 421 ming 117 dollar 88 центга teng.


Bankda hisob raqamiga ega bo‘lgan yana bir o‘zbekistonlik Narziyeva Saodat Burxanovna — asli o‘zbekistonlik rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning singlisi. U tibbiyotda o‘ttiz yildan ortiq tajribaga ega akusher-ginekolog.

2004 yildan beri uning hisob raqamlarida kamida 5,3 mlrd frank (5,8 mlrd dollar) pul mablag‘lari bo‘lib o‘tgan. «Uning hisob raqamidagi mablag‘lar ish faoliyati bilan bog‘liq emas», — deyiladi jurnalistlar surishtiruvida.

Bundan tashqari, bank mijozlari orasida Qozog‘istonning amaldagi prezidenti Qosim-Jomart Tokayevning sobiq xotini Nadejda Tokayeva (1,6 mln dollarlik hisob raqami), Qozog‘istonning sobiq rahbari Nursulton Nazarboyevning qizi Dariga Nazarbayeva oilasi (jami 45,8 mln dollarlik hisob raqamlari) va Nursulton Nazarboyevning kuyovi Timur Kulibayev (eng maksimal balansli hisob raqamida 917 mln dollar) ham mavjud.