Ukraina atrofida sodir bo‘layotgan so‘nggi yangiliklar

Ukraina Axborot xavfsizligi markazi 15 fevral kuni Mudofaa vazirligi, Qurolli kuchlar, davlatga qarashli «Privatbank» hamda «Oshadbank» veb-saytlariga DDoS-hujumi uyushtirilgani haqida xabar berdi — TASS.

«So‘nggi bir necha soat ichida „Privatbank“ katta DDoS-hujumiga uchradi. „Oshadbank“ ishida ham nosozliklar bor, internet-banking ishlamayapti. Mudofaa vazirligi va Ukraina Qurolli kuchlari veb-saytlari ham hujumga uchragan», — deyiladi xabarda

Shu tariqa, Ukraina Axborot xavfsizligi markazi banklar, Mudofaa vazirligi va Qurolli kuchlar saytlariga hujum ortida Rossiya turgan bo‘lishi mumkinligini istisno etmadi. Xabarda Rossiya to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilga olinmagan, biroq Ukraina rasmiylarining bayonotlarida va Ukraina qonunlariga ko‘ra, aynan Rossiya rasmiy ravishda «tajovuzkor» deb ataladi. 2015 yil yanvarida Oliy Rada Rossiyani «bosqinchi davlat» deb tan olish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Moskva Kiyevning bu ayblovlarini bir necha bor rad etgan.

Ukraina MDH Antiterrorizm markazi tarkibidan chiqdi

Ukraina Oliy Radaci mamlakatning MDHga a’zo davlatlar Antiterror markazini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori va MDH davlatlarining Antiterror markazi to‘g‘risidagi qaroridan chiqish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda TASS xabar berdi.

Ukraina parlamenti, shuningdek, 2006 yil 28 noyabrda Minskda imzolangan MDHning Antiterror markazi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qarordan ham chiqishni ma’qulladi.

AQSh Rossiyaning Ukraina chegarasidan qo‘shinlarini olib chiqib ketayotganini tekshiradi

Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukraina bilan chegaradan qo‘shinlarning bir qismini olib chiqish haqidagi bayonotlari haqiqatga mos kelishiga ishonch hosil qilish niyatida, dedi AQShning NATOdagi doimiy vakili Julian Smit.

«Biz buni tekshirib ko‘rishimiz kerak», — dedi u brifingda Moskvaning Ukraina yaqinidagi mashg‘ulotlarning bir qismi tugagani haqidagi bayonotiga izoh berish so‘roviga javob berib.

Amerikalik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, «bir-ikki kun ichida bu masala bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar» beriladi — Interfaks.


Gonduras sobiq prezidenti narkotik kontrabandasi ishi bo‘yicha hibsga olindi

Gonduras politsiyasi AQShning ekstraditsiya qilish haqidagi iltimosiga binoan sobiq prezident Xuan Orlando Ernandesni hibsga oldi. Qo‘shma Shtatlarda sobiq prezident giyohvand moddalar kontrabandasi, o‘qotar qurollarni noqonuniy saqlash va ishlatishda ayblanmoqda. Ernandes Tegusigalpedagi uyidan qo‘liga kishan va o‘q o‘tkazmaydigan jilet bilan olib chiqilgan. Undan so‘ng tibbiy ko‘rikdan o‘tish va so‘roq qilish uchun politsiya bazasiga olib ketilgan, deya xabar beradi Reuters.

So‘rov matniga ko‘ra, Xuan Orlando Ernandes 2004 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan davrda narkotik moddalar kontrabandasi bilan shug‘ullanganlikda ayblanmoqda. Hujjatda aytilishicha, sobiq prezident Kolumbiya va Venesueladan AQShga jo‘natish uchun jami bir necha tonna kokain yetkazib berishda ishtirok etgan.

AQSh huquq-tartibot idoralariga ko‘ra, Ernandes kontrabandachilarni politsiya va prokuraturadan himoya qilish evaziga millionlab dollar pora olgan. Bundan tashqari, so‘rovda sobiq prezident o‘qotar qurollarni, jumladan, pulemyotlarni qonunga xilof ravishda saqlagan, foydalangan yoki noqonuniy foydalanishga ko‘maklashgani qayd etilgan.

Ikki hafta oldin Gonduras prezidentligidan ketgan Xuan Orlando Ernandesning o‘zi aybini tan olmadi, barcha ayblovlarni rad etdi va politsiya bilan hamkorlik qilishga va’da berdi. Ekstraditsiya ishi ikki-uch oy ichida ko‘rib chiqilishi mumkin.


Londonda shahzoda Charlzga aloqador saudiyalik tadbirkorga nisbatan tergov boshlandi

Skotlend-Yard qirolicha Yelizaveta II’ning to‘ng‘ich o‘g‘li, Uels shahzodasi Charlzning xayriya jamg‘armasiga xayriya qilish evaziga saudiyalik tadbirkor Mahfuz Mareyem Muborak ben Mahfuz Britaniya fuqaroligi va faxriy ordenlarini olgani yuzasidan tergov boshladi.

«Bu [tergovning boshlanishi] saudiyalik tadbirkorning mukofotlar va [Buyuk Britaniya] fuqarolikni olish uchun [fondga] yordam berganligi haqidagi OAV xabarlari bilan bog‘liq», — deyiladi Britaniya poytaxtidagi huquq-tartibot idoralari bayonotida.

«Jamg‘arma ish uchun tegishli bir qator hujjatlarni taqdim etdi. Ular qolgan ma’lumotlar bilan birga o‘rganib chiqildi. Materiallarni tahlil qilib, tergov boshlashga qaror qilindi», — deyiladi Skotlend-Yard bayonotida. Ta’kidlanishicha, ayni paytda hodisa holatlarini aniqlash tartibi doirasida shubhali operatsiyalarga aloqador bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaxslarni hibsga olish va so‘roq qilish ishlari amalga oshirilmagan — TASS.


Tailand potaxti Bangkok shahrining rasmiy nomi o‘zgardi

Tailand hukumati Bangkokning rasmiy nomini xorijiy tillarda yozishga qulay ko‘rinishda o‘zgartirishga qaror qildi. Endi shahar Krung Thep Maha Nakhon deb nomlanadi (Tailand tilidan «Farishtalar shahri, buyuk poytaxt» deb tarjima qilingan). Bu haqda so‘z va nomlarni yozish standartlarini ishlab chiqish, joriy etish va o‘zgartirishga mas’ul bo‘lgan Tailand Qirollik ilmiy kengashi bayonotida aytildi.

Agar yangi nom maxsus qo‘mita tomonidan tasdiqlansa, poytaxtning rasmiy nomi Krung Thep Maha Nakhon barcha hujjatlarda, jumladan, chet tillarida ham qayd etiladi, Bangkok esa shaharning norasmiy nomi sifatida qoladi.

Tailandda poytaxt har doim Krung Thep Maha Nakhon deb nomlangan, ammo bu shakl ham qisqartirilgan. Shaharning to‘liq nomi 40 dan ortiq individual elementlardan iborat bo‘lib, dunyodagi eng uzun poytaxt nomi hisoblanadi.

Avvalroq Tailand Vazirlar Mahkamasi hududlar, mamlakatlar, poytaxtlar va ma’muriy zonalar nomlarini yangilash loyihasini ma’qullagan edi. Chet tillardagi poytaxt nomlarini asl tildagi nomlarning tovushiga moslashtirish to‘g‘risidagi qaror bir qator davlatlar, jumladan Xitoy tomonidan ham qabul qilingan va Pekinning inglizcha nomini Beijing’ga o‘zgartirgan — Kommersant’.