DXX xodimlari tomonidan Toshkent, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida noqonuniy yer sotish holatlariga chek qo‘yildi, deya xabar qildi O‘zA.

Jumladan, Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan fuqaro Mirzaobod tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan biriga bog‘dorchilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish maqsadida ajratilgan 32 gektar yer maydonini tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 35 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.

Farg‘ona viloyatida kuzatilgan holatda esa Oltiariq tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan shaxs Farg‘ona tumanidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan MCHJga qarashli 2 gektar yer maydonini tuman kadastr bo‘limidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 18 ming AQSh dollari talab qiladi. U so‘ralgan puldan 10 ming AQSh dollarini o‘zining jinoiy sherigi orqali olgan vaqtida ushlangan.

DXX xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumanidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalikning ishchisi ushbu xo‘jalikning 30 sotix yer maydonini tegishli hujjatlarini rasmiylashtirib, xaridor nomiga o‘tkazib berish evaziga 7 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Xabarda DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyati Chinoz tumani hokimining iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari 40 ming dollar pora bilan ushlangani ham keltirilgan. Uning 35 gektar yer maydonini sotish va hujjatlarni tuman hokimligida ishlovchi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga 90 ming dollar so‘ragani haqida «Gazeta.uz» avvalroq Bosh prokuratura matbuot xizmatiga tayanib xabar qilgan edi.