Prezident 14 fevral kuni «O‘zbekiston sportchilarining navbatdagi yozgi va qishki Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ishlarini jadallashtirish to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.

Qarorga ko‘ra, 2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan O‘zbekiston sportchilari quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:

  • oltin medal uchun — 200 000 AQSh dollari;
  • kumush medal uchun — 100 000 AQSh dollari;
  • bronza medal uchun — 50 000 AQSh dollari.

Harajatlar Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Transport vazirligi hamda Turizm va sport vazirligi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik jarayonida respublika hududida o‘tkazilayotgan sport musobaqalari, o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inlarida olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha terma jamoa a’zolarining ishtirokini ta’minlash uchun viloyatlararo yo‘nalishlar bo‘yicha (temir yo‘l va aviachipta) transport xarajatlariga 2022 yil 1 martdan 2024 yil 1 sentabrga qadar chegirmalar joriy etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Tokio Olimpiadasida ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi beshta medal — uchta oltin va ikkita bronza bilan tugatib, bahslarda 32-o‘rinni egallagandi. Olimpiya o‘yinlari g‘oliblariga 200 ming dollardan, bronza medali sohiblarining har biri 50 ming dollardan berilgandi. Bundan tashqari, sovrindorlar murabbiylariga, shuningdek, Olimpiadaning barcha ishtirokchilariga ham pul mukofotlari topshirilgandi. O‘shanda prezident Shavkat Mirziyoyev sportchi va murabbiylarni orden va faxriy unvonlar bilan mukofotlagandi.

O‘zbekiston prezidentining 5 noyabrdagi qarori bilan 2024 yil Parijda (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarni tasdiqlangan. Xususan, 2024 yilgi Parij Olimpiadasi va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlarda o‘zbekistonlik sportchilar uchun 26 sport turi bo‘yicha 103 ta litsenziya olish ko‘zda tutilgani haqida xabar bergan edik.

Parij yuz yil muqaddam, ya’ni 1924 yilda ilk marotaba yozgi Olimpiya o‘yinlari mezboniga aylangan. 2024 yilda Parij yozgi Olimpiya o‘yinlarini uchinchi marotaba qabul qilayotgan Londondan keyingi ikkinchi shaharga aylanadi. Parijda o‘tadigan olimpiada ilk marotaba gender jihatdan to‘laligicha teng o‘tkaziladigan sport tadbiri bo‘lishi kutilmoqda, deya xabar bergan edi RIA Novosti.