Toshkent shahrining Mirobod tumanida noma’lum erkak hayvonlarni pnevmatik qurol bilan otganligi aytilmoqda. Bu haqda «Mehr va Oqibat» hayvonlarni himoya qilish jamiyati xabar bermoqda.

M.N. ismli ayolning jamiyat direktori nomiga qilgan murojaatiga ko‘ra, 4 fevral kuni uning mushugi tanasida jarohat bilan uyga qaytgan.

Ayol ertasi kuni mushugini veterinariya klinikasiga olib borgan. O‘tkazilgan rentgen tadqiqotlarida jonivor tanasiga pnevmatik qurol yordamida jarohat yetkazilganini taxmin qiluvchi elementlar aniqlangan. Shundan so‘ng jonivorni zudlik bilan operatsiya qilish haqida qaror qabul qilingan.

Oradan bir qancha vaqt o‘tib, ayol o‘z qo‘shnisi A.I.ni qo‘lida pnevmatik qurol bilan ko‘rganligi, A.I. u bilan ko‘chadagi mushuk va itlarni nishonga olayotganligining guvohi bo‘lganini aytmoqda. A.I. ayol bilan telefon muloqoti paytida haqiqatan ham it va mushuklarni pnevmatik quroldan otganini tan olgan.

Jamiyat tomonidan A.I. 4 fevral kuni soat 11.28da pnevmatik qurol bilan uyidan chiqib, noma’lum tomonga harakatlanayotganligi aks etgan video ham e’lon qilingan. Jamiyatga murojaat qilgan ayolning yana uch nafar qo‘shnisi ham ushbu holatning guvohi bo‘lganliklarini tasdiqlagan.

«Mehr va Oqibat» jamiyati ariza kelib tushgach, hayvonlarga shavqatsiz munosabatda bo‘lgan shaxsni jinoiy javobgarlikka tortishni so‘rab O‘zbekiston IIV, Toshkent shahar IIBB hamda Mirobod tumani IIBga ariza bilan murojaat qilgan.

Toshkent shahar IIBB matbuot xizmatining «Gazeta.uz» ga xabar berishicha, ushbu holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB tomonidan tergovgacha surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, ushbu murojaat Toshkent shahar IIBB nazoratiga olingan. «Qonuniy qaror qabul qilinishi bilan batafsil ma’lumot beriladi», dedi IIBB vakili.