Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga Rahmonov Shavkat Navro‘zovich tayinlandi, deb xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Tayinlov bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov va ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ishtirok etgan.

Shavkat Rahmonov mazkur lavozimda 2017 yil noyabr oyidan buyon ishlab kelayotgan Ataxodjayev Adil Иргашевичнинг o‘rnini egalladi.

IIV xabarida ta’kidlanishicha, yig‘ilish keskin tanqidiy ruhda o‘tgan. Unda viloyat IIB rahbarlarining «xotirjamlikka berilishi», «jinoyat muhokamalari» va «profilaktik tadbirlarning o‘z vaqtida o‘tkazilmasligi», qo‘l ostidagi shaxsiy tarkib bilan qonunchilikni mustahkamlashga qaratilgan «targ‘ibot ishlari olib borilmasligi», shuningdek huquqbuzarliklarni oldini olishda hamkor tashkilotlar bilan hamjihatlikning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligi salbiy oqibatlarga olib kelgan.

Shavkat Rahmonov bunga qadar 2019 yildan buyon Samarqand viloyati IIB boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan. Uning o‘rniga mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri sifatida faoliyat yuritgan Rahmat Mamatov Samarqand IIBga boshliq bo‘lgani haqida yozgandik.

Bundan tashqari, shanba kuni Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i ham o‘zgardi. Mazkur lavozimda faoliyat yuritayotgan Tashxodjayev Doniyor Baxtiyorovich boshqa ishga o‘tishi ma’lum qilindi. Uning o‘rnini esa Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Muhitdin Jo‘rayev egalladi.

Hozircha Doniyor Tashxodjayev qaysi lavozimni egallagani xabar qilinmadi, katta ehtimol bilan u Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari etib tayinlanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, juma kungi yo‘l harakati xavfsizligiga bag‘ishlangan videoselektorda prezident Shavkat Mirziyoyev namuna tariqasida Farg‘ona viloyati tajribasini ko‘rsatib, viloyat budjetidan ajratilgan 24 mlrd so‘mga 125 km yo‘llarga yoritgich va nur qaytaruvchi vositalar, 24 ta piyoda yo‘laklariga svetofor, 107 tasiga «sun’iy do‘ngliklar» o‘rnatilganini aytgandi. Buning natijasida esa viloyatda umumiy avariyalar 31 foizga, o‘lim bilan bog‘liq holatlar 21 foizga, piyodalar ishtirokidagi hodisalar 37 foizga kamaygan.