Olmaotada «Qonli yanvar» qurbonlari xotirasiga miting bo‘lib o‘tmoqda, deya xabar berdi Orda.kz nashri. Unda 700 ga yaqin odam ishtirok etmoqda.

Soat 11:00 atrofida odamlar Mustaqillik monumenti oldiga to‘plana boshladi. Miting marhumlar xotirasiga duo o‘qilishi bilan boshlandi.

Foto: Orda.kz

30 daqiqadan so‘ng tez yordam mashinalari maydonga yetib kelgan. Xabarda aytilishicha, hozircha politsiya mitingga qarshilik ko‘rsatmayapti. Maydonda faqatgina 3 ta politsiya mashinasi borligi aytildi.

Foto: Orda.kz

Politsiya xodimlari namoyishchilarga xalal bermaslik uchun Nazarboyev shoh ko‘chasi va Jeltoksan ko‘chasidan o‘tadigan avtomobillarni boshqa tarafga yo‘naltirayotgani ma’lum qilindi.

Namoyishchilar qo‘llarida «Begunohlarga ozodlik», «Xalq terrorchi emas», «Qonli yanvarni unutmaymiz va kechirmaymiz», «Ogohlantirmasdan o‘t ochish — bu xalqqa qarshi jinoyatdir» kabi yozuvlar tushirilgan plakat va bannerlar bor.

Foto: Orda.kz

Bulat Abilov, Janbolat Mamay, Oraz Jandosov va Aygerim Tleujan, siyosatshunos Do‘sim Satpayev va jamoat arbobi Sanjar Bokayev ruxsat etilmagan mitingda qatnashdi.

Foto: Orda.kz

Qayd etilishicha, namoyishlar bo‘layotgan maydonda internet bilan uzilishlar bo‘lmoqda. Bu hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lishi mumkinligi aytildi.

Halok bo‘lganlarning yaqinlari va terrorizmda gumon qilinib jabrlanganlar jinoyat ishlarini xolis tergov qilish va hibsga olinganlarni ozod qilishni talab qilmoqda. Namoyishlar boshlanganidan biroz vaqt o‘tib Qozog‘iston prezidenti Kasim-Jomart Tokayev o‘z xalqiga murojaat yo‘lladi.

«Fojiali voqealardan 40 kun o‘tdi. Qurbonlar xotirasini duo bilan yodga olish uchun masjidga keldim. Halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga yana bir bor chuqur hamdardlik bildirmoqchiman. Davlat sizni muammo bilan yolg‘iz qoldirmaydi. O‘rnini to‘g‘rilab bo‘lmas talofatlarga uchragan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq berdim», — dedi prezident.

So‘z yakunida prezident Qozog‘iston xalqiga sabr-toqat va osoyishtalik, mamlakatga tinchlik va farovonlik tiladi. Shuningdek, u vatandoshlarni yosh avlod manfaati yo‘lida umumiy sa’y-harakatlar bilan Yangi Qozog‘istonni barpo etishga chaqirdi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyi boshida Qozog‘istonda suyultirilgan gaz narxining keskin oshishi oqibatida yuzaga kelgan namoyishlar ommaviy tartibsizliklarga aylanib ketdi. Natijada Qozog‘iston hukumati barcha xududlarida favqulotda holat joriy etdi, prezident Qasim-Jomart Toqayev so‘rovi bilan KXSHT qo‘shinlari mamlakatga kiritilgandi.