Turkmaniston prezidentligiga navbatdan tashqari saylovlar 12 mart kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda RIA Novosti mamlakatning Saylov va referendumlarni o‘tkazish bo‘yicha markaziy komissiya raisi yordamchisi Bezirgen Karayevga tayanib xabar berdi.

11 fevral kuni Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedov Xalq Maslahatining (Turkmaniston parlamentning yuqori palatasi) navbatdan tashqari yig‘ilishida nutq so‘zladi.

U mamlakat prezidenti lavozimini 2007 yildan beri egallab kelayotganini, shuningdek, bir vaqtning o‘zida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi, Davlat xavfsizik kengashi raisi, Qurolli kuchlar oliy bosh qo‘mondoni, Xalq Maslahati Milliy Gengeshi raisi ekanligini eslatib o‘tgan.

«Ikki yil oldin men payg‘ambar yoshiga yetdim. Bugun esa o‘zim haqimdagi qiyin qarorga kelganimni aytib, uni sizlar bilan muhokama qilmoqchiman, — dedi Gurbanguli Berdimuhammedov deputatlarga murojaat qila turib. — Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida davlat boshqaruviga yo‘l yosh rahbarlarga berilishi kerak degan fikrni qo‘llab-quvvatlayman… Men Xalq Maslahatining raisi sifatida o‘zimning ulkam hayotiy va siyosiy tajribamni ushbu sohaga yanada ko‘proq yo‘naltirmoqchiman».

Saylov va referendumlarni o‘tkazish bo‘yicha markaziy komissiya raisiga «Turkmaniston Konstitutsiyasi va qonunchiligiga muvofiq tegishli ishlarni» boshlashga ko‘rsatma berdi.

Turkmaniston prezidenti sifatida Turkmanistonda tug‘ilgan va 40 yoshdan kichik bo‘lmagan shu mamlakat fuqarosi saylanishi mumkin. Davlat rahbari bevosita xalq tomonidan 7 yil muddatga saylanadi. So‘nggi marotaba Turkmanistonda prezidentlik saylovlari 2017 yilda o‘tkazilgandi. Kelgusi saylov 2024 yilda bo‘lib o‘tishi kerak edi.