Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan Mamatov Rahmat Toshnazarovich Samarqand viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Samarqand viloyati hokimligi xabar berdi.

Samarqand viloyati hokimligida o‘tgan yig‘ilishda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov yangi boshliqni tanishtirgan.


Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi farmoniga muvofiq, Rahmat Mamatov mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimiga tayinlangan edi.

Samarqand viloyati IIBning avvalgi boshlig‘i Rahmonov Shavkat Navro‘zovich boshqa ishga o‘tganligi bois lavozimidan ozod etilgan.

Mamatov Rahmat Toshnazarovich — 1967 yili 10 dekabrda Qashqadaryo viloyati, Qarshi tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy, huquqshunos, polkovnik harbiy unvoniga ega.

Qarshi davlat pedagogika instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasini tamomlagan.

Qashqadaryo viloyati IIB tizimida turli lavozimlarda, qolaversa, Bahoriston, Yakkabog‘, Qarshi tumanlari, Qarshi shahar IIB boshlig‘i, Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, Xorazm viloyati IIB boshlig‘i sifatida ishlagan.

Qolaversa, ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari, Navoiy viloyati Xalq qabulxonasi mudiri, Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i, Respublika mahallalar kengashi raisining birinchi o‘rinbosari — «Mahalla» xayriya jamoat fondi raisi lavozimlarida faoliyat yuritgan.