7 fevral kuni Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosari fuqaroga 1000 gektar yerni ajratishga va’da berib, buning evaziga 80 ming dollar so‘raganligi, shundan 50 ming dollarni olganida ushlangani haqida yozgandik.

Qashqadaryo viloyati prokuraturasi xabar berishicha, jinoyat ishi yuzasidan o‘tkazilgan dastlabki tergovda ichki ishlar organlari kadrlar zahirasidagi xodim — U.Yaxshiyev pora olish jinoyatini tanishi Muborak tuman IIB boshlig‘i X.Baxriyev bilan oldindan til biriktirgan holda sodir etganligi aniqlangan.

Dastlabki tergov organi tomonidan Muborak tuman IIB boshlig‘i X.Baxriyevning sodir etilgan jinoyatga bevosita daxldorligini isbotlovchi yetarli dalillar to‘planganligi sababli, Baxriyev 11 fevral kuni jinoyat ishida gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, shu kuni JPKning 221-moddasi tartibida ushlangan.

Bundan tashqari, viloyat prokurorining farmoyishiga muvofiq, tuzilgan ishchi guruh 7−10 fevral kunlari Muborak tuman prokuraturasi va ichki ishlar bo‘limi faoliyatini hujjatlarni tahlil qilish orqali o‘rgandi.

Natijada tuman IIB tomonidan o‘g‘irlik, bezorilik, talonchilik va firibgarlik kabi jinoyatlarni hisobdan yashirish holatlari aniqlangan.

Jinoyat sodir etilganligini ko‘rsatuvchi holatlar aniqlanganida bunga dahldor bo‘lgan shaxslardan tushuntirish olish, qonunda nazarda tutilgan tartibda dalillarni to‘plash surishtiruv va tergov organlarining ham vakolati ham majburiyati hisoblanadi.

Shu sababli, ishchi guruh a’zolari tomonidan holatga aniqlik kiritish maqsadida jinoyatdan jabrlangan fuqarolar va mazkur xabarlar yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlarini o‘tkazgan IIB xodimlaridan tushuntirishlar olingan.

Jinoyatlarni yashirishga bevosida dahldorligi aniqlangan shaxslar esa jinoiy javobgarlikdan qutilish maqsadida OAVlarda yolg‘on ma’lumotlar tarqatish orqali aholini chalg‘itishga harakat qilishgan. Viloyat prokuraturasi tomonidan hisobdan yashirilgan 3 ta o‘g‘rilik, 3 ta bezorilik, 1 ta talonchilik va 1 ta firibgarlik jinoyatlari bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Viloyat prokurori hamda viloyat IIB boshlig‘i rahbarligidagi ishchi guruh vaziyatni joyiga chiqqan holda o‘rganib, holat yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 (Firibgarlik) va 28, 211 (Pora berish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.