Prezident 10 fevral kuni «Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi [PQ-126-son] qarorga imzo chekdi.

Ushbu hujjat «xalqning bebaho mulki hisoblangan noyob yozma va toshbosma merosni saqlash va tadqiq qilish tizimini yanada takomillashtirish hamda bu jarayonga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish maqsadida» qabul qilindi.

Qaror bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Sharqshunoslik instituti va O‘zbekiston Milliy kutubxonasining jamoatchilik uchun ochiq bo‘lgan Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini shakllantirish va davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlari faoliyatiga integratsiya qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

Islom sivilizatsiyasi markazi quyidagilarni amalga oshiradi:

  • respublika hududidagi barcha muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning davlat reyestrini tuzish va doimiy monitoringini yuritish;
  • Davlat reyestri asosida qadimiy yozma manbalarning turlari bo‘yicha (qo‘lyozma, toshbosma manbalar, tarixiy hujjatlar) kataloglari va elektron nusxalarini yaratish, ularni Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘yicha yagona axborot tizimiga kiritish hamda muntazam to‘ldirib borish choralarini ko‘rish;
  • Markaz va Sharqshunoslik institutida markazlashgan holda saqlanadigan va Davlat reyestriga kiritilgan qadimiy yozma manbalarning holati, doimiy monitoring va tadqiq etilishi natijalari haqidagi ma’lumotlarning muntazam ravishda maxsus portallar va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishini ta’minlash;
  • O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti bilan birgalikda qadimiy yozma manbalarning konservatsiyasi va restavratsiyasi bilan shug‘ullanayotgan soha xodimlarining muntazam ravishda kasbiy salohiyati va malakasini oshirish, shuningdek, soha uchun yetuk mutaxassis kadrlarni tayyorlash.

Islom sivilizatsiyasi markazi bir oy muddatda Turizm va sport vazirligi, AKT vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Fanlar akademiyasi va «O‘zarxiv» agentligi bilan birgalikda Qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish bo‘yicha yagona axborot tizimini yaratish konsepsiyasi va texnik topshiriq loyihasini ishlab chiqadi.

Sharqshunoslik instituti, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Madaniy meros agentligi va «O‘zarxiv» agentligi bilan birgalikda Qadimiy yozma manbalar davlat reyestri to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Respublika hududidagi muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlari va boshqa muassasalarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarнинг ilmiy dolzarbligi va muhimligiga qarab, ularni tarjima va tadqiq qilish jadvali ishlab chiqilib, tasdiqlanadi hamda xalqchil tilda bosqichma-bosqich nashr etiladi.

Vazirlar Mahkamasi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan birgalikda ikki oyda davlat tasarrufidagi muzeylar, kutubxonalar, arxiv fondlari va boshqa muassasalarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni markaz tasarrufiga o‘tkazish bo‘yicha rejani tasdiqlab, bosqichma-bosqich amalga oshiradi.

Markaz saqlash va tadqiq qilish uchun olib kelingan qadimiy yozma manbalarning tegishli (hududiy, idoraviy, shaxsiy va boshqa) mansubligidan kelib chiqib, alohida kolleksiya holida muhofaza qilishni ta’minlaydi. Reja-grafik asosida xorijiy mamlakatlarga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirish orqali aholi va turli fondlarda saqlanayotgan mamlakat allomalari va mutafakkirlarining ijodiga mansub bo‘lgan qadimiy yozma manbalarning kataloglari va elektron nusxalarini aniqlash, Markaz fondiga olib kelish va ilmiy muomalaga kiritish choralari ko‘riladi.

Ikki oy muddatda jismoniy va yuridik shaxslardan qadimiy yozma manbalarni xarid qilish, ularni davlat tasarrufiga topshirish mexanizmlari ishlab chiqiladi.

Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Qadimiy yozma manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish laboratoriyasi tashkil etiladi.

Laboratoriya respublika hududidagi muzeylar, kutubxonalar va boshqa muassasalarning arxiv fondlarida, jismoniy va yuridik shaxslarda saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarni ularning buyurtmasi asosida ta’mirlash ishlarini amalga oshiradi.

Qadimiy yozma manbalarni ta’mirlashdan tushgan mablag‘lar Markaz va Laboratoriya faoliyatini rivojlantirishga sarflanadi.

Laboratoriya faoliyatiga yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi yo‘nalishida yetarli darajadagi bilim va ish tajribasiga ega bo‘lgan malakali mutaxassislar Markaz tomonidan Jamg‘arma hisobidan fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida jalb qilinadi.

Laboratoriya Toshkent shahar, Abdulla Qodiriy ko‘chasi, 11-uy manzilidagi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi binosiga bepul foydalanish huquqi asosida vaqtincha joylashtiriladi.

2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn institutida «Qadimiy yozma manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi» ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.