Jizzaxda Suriyadagi xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgani gumonlangan fuqaro qo‘lga olindi. Bu DXX hamda IIB xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda ma’lum bo‘lgan, deya O‘zA xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, viloyatning Paxtakor tumanida yashovchi, 21 yoshli fuqaro X.B. 2019 — 2021 yillar mobaynida pul ishlab topish maqsadida xorijiy davlatlarda bo‘lib, «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terrorchilik tashkilotining g‘oyaviy ta’siriga tushib qolgan.

U Paxtakor tumaniga qaytib kelib, o‘zi yashaydigan hududda xalqaro terrorchilik tashkiloti g‘oyalarini 10 nafardan ortiq tengquri orasida faol targ‘ib qilish bilan shug‘ullanganligi aytilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, u bu ishni tashkilot yollovchilarining maxsus topshirig‘i bilan amalga oshirgan.

«Bu holatlar mutasaddi idora xodimlari tomonidan aniqlanib, xalqaro terrorchilik tashkilotlari safiga qo‘shilishni rejalashtirgan bir paytda Jizzax viloyat IIB va DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olindi», — deyiladi xabarda.

Avval ham Rossiyaga ishlash uchun borgan qashqadaryolik fuqaro internet orqali xalqaro terrorchi tuzilmalar ta’siriga tushib qolib, Suriyadagi jangarilar safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgani aytilgandi.

Bundan tashqari, poytaxtda 20 yoshli bir talaba va 18 yoshli ikki maktab o‘quvchisi ham diniy ekstremistik g‘oyalar ta’siriga tushib, Suriyaga ketmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingandi.