Qonunchilik palatasi sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayevga koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash uchun 2021 yilda ajratilgan jami 4,2 trln so‘m nimalarga sarflangani yuzasidan parlament so‘rovini yubordi. Bu haqda quyi palata matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2021 yilda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish xarajatlari uchun davlat budjetidan dastlab 3 trln so‘m, 2021 yil 5 noyabrda qabul qilingan tegishli qonun bilan qo‘shimcha ravishda 1,2 trln so‘m, umumiy hisobda — 4,2 trln so‘m mablag‘ ajratilgan.

Jumladan, mablag‘lar quyidagilar uchun ajratilgan:

  • koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilingan tibbiyot xodimlarini va boshqa kasbdagi xodimlarni rag‘batlantirish xarajatlariga 1,414 trln so‘m,
  • dori-darmon vositalari, gigiyena va zararsizlantiruvchi vositalar uchun 604,2 mlrd so‘m,
  • bir marotabalik shaxsiy himoya uchun kombinezonlar, qo‘l va yuz niqoblari hamda boshqa xarajatlar uchun 89,5 mlrd so‘m,
  • oziq-ovqat mahsulotlariga 86,6 mlrd so‘m ajratilgan.
  • laboratoriya reagentlari, pirometrlar, test tizimlari va boshqa xarajatlarga 113,9 mlrd so‘m,
  • vaksina sotib olish uchun 1,328 mlrd so‘mdan ortiq,
  • emlash punktlarini tashkil etishga 9,8 mlrd so‘m,
  • Toshkent shahrida va Namangan viloyatida koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tibbiyot markazlarini tashkil etish xarajatlariga 270,6 mlrd so‘m,
  • boshqa xarajatlar uchun 174,5 mlrd so‘m ajratilgan.

Ammo, Qonunchilik palatasiga SSV 2021 yilning birinchi yarim yilligidagi faoliyati yuzasidan taqdim etgan axborotida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish hamda vaksina sotib olish xarajatlariga qancha pul sarflangani aytilmagan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Davlat budjeti ijrosining borishi yuzasidan taqdim etilgan hisobotlarda ham, Moliya vazirligi taqdim etgan axborot va materiallarda ham bunga doir ma’lumotlar o‘z aksini topmagan.

Qolaversa, Qonunchilik palatasi budjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasining so‘roviga ham SSVdan zarur ma’lumotlar taqdim etilmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Qonunchilik palatasi sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayevga pandemiya davrida koronavirusga qarshi kurashish tadbirlariga qancha pul sarflagani yuzasidan parlament so‘rovi yuborildi.