2022 yilning yanvar oyida so‘mning real samarali almashuv kursi indeksi o‘tgan yil dekabr oyiga nisbatan 0,8 foizga mustahkamlandi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan «Real samarali almashuv kursi sharhi»da ma’lum qilindi.

So‘mning real samarali almashuv kursi 2021 yil mos davriga nisbatan 5,4 foizga, bazaviy oy — 2018 yilning iyuniga nisbatan 6,3 foizga o‘sdi.

Yanvar oyida real samarali almashuv kursining mustahkamlanishiga, asosan, savdo-hamkor davlatlar valyuta kurslarining qadrsizlanishi, shuningdek, ichki inflyatsiya darajasining savdo-hamkorlarga nisbatan yuqoriligi hissa qo‘shgani aytildi.

O‘zbekiston bilan hamkorlik qiluvchi mamlakatlarda ushbu ko‘rsatkich qanday bo‘ldi?

Savdo-hamkor davlatlar valyutalari kursi yanvar oyi davomida AQSh dollariga nisbatan turlicha dinamikani namoyon etdi. Shuningdek, ushbu davlatlarning barchasida inflyatsiya ko‘rsatkichi o‘sishda davom etdi:

Jumladan:

  • Rossiya rubli 3,4 foizga (74,8 dan 77,3 ga) qadrsizlandi. Bu Rossiya va G‘arb davlatlari o‘rtasida geosiyosiy masalalarda konsensusga erishilmayotgani va yuqori noaniqliklar bilan izohlanadi. Ushbu mamlakatda oylik inflyatsiya 1,07 foizni tashkil etib, yillik hisobda 8,8 foizdan oshdi (28 yanvar holatiga ko‘ra). Aholining inflyatsion kutilmalari esa joriy yil yanvar oyida 13,7 foizga 3 tushdi (2021 yil dekabr oyida 14,8 foizni tashkil etgan). Sezilgan inflyatsiya darajasi ham 17,7 foizdan 16,7 foizga pasaydi.
  • Qozog‘iston tengesi neft narxining o‘sishi fonida biroz (0,07 foizga) mustahkamlandi. Mamlakatda oylik inflyatsiya darajasi 0,7 foizni tashkil etib, yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi 8,5 foizga yetdi. Bunga, asosan, xizmatlar va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘sishi hissa qo‘shgan. Xizmatlar yanvar oyida 0,6 foizga o‘sib, yillik hisobda 6,8 foizda shakllandi. Nooziq-ovqat inflyatsiyasi esa oylik 0,3 foiz va yillik 8,5 foizni tashkil etdi. Bunda energiya resurslar va avtomobillar narxining oshishi inflyatsiyaning tezlashishiga hissa qo‘shayotgani ma’lum qilindi.
  • Turk lirasi 2022 yil yanvar oyi davomida tebranish bilan shakllanib, biroz mustahkamlandi. Bunga 2021 yil dekabr oyida amalga oshirilgan katta hajmdagi intervensiyalar va Turkiya xukumati tomonidan milliy valyutani qo‘llab-quvvatlovchi chora tadbirlar asosiy hissa qo‘shdi. Turkiyada oylik inflyatsiya ko‘rsatkichi 11,1 foizni tashkil etib, yillik hisobda 48,7 foizga yetdi. Shuningdek, mamlakatda ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksi oylik hisobda deyarli 10,5 foizga o‘sib, yillik 93,5 foizgacha ko‘tarildi. Inflyatsiya ko‘tarilishiga joriy yildan boshlab mamlakatda elektr va tabiiy gaz tariflari oshirilishi, shuningdek, import narxlari sabab bo‘lgan.
  • Xitoy yuani yanvar oyi davomida kichik tebranishlar bilan shakllanib, o‘tgan oyga nisbatan deyarli o‘zgarmadi.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilda so‘mning real samarali almashuv kursi O‘zbekistonning asosiy savdo-hamkor davlatlari valyutalarining zaiflashishi va yana bir necha faktorlar tufayli 2,9 foizga o‘sgan. Hamkorlar orasida turk lirasi yil davomida 81 foizga qadrsizlangan bo‘lsa, Xitoy yuani yagona mustahkamlangan valyuta bo‘ldi. Ushbu yilda Rossiya va Qozog‘iston valyutalari ham qadrsizlangan.