Toshkentdagi eski shahar majmuasida 2 ta art-rezidensiya tashkil etiladi, deya xabar bermoqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi.

Loyihada Toshkent shahrining tarixiy mahallalarini, ularning noyobligi va madaniy-tarixiy merosini asrab-avaylash maqsad qilingan.

Loyihaning dizayn-konsepsiyasi Marokashdagi «Studio KO» me’morchilik byurosi bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi. Loyiha Alisher Usmanovning «San’at, ilm va sport» hayriya jamg‘armasi ko‘magida amalga oshiriladi.

Ijodiy maskanni tashkil etish uchun poytaxtdagi Olmazor tumanida joylashgan ikkita obyekt tanlab olingan.

Birinchi obyekt «Namuna» mahallasida joylashgan, an’anaviy me’moriy ko‘rinishi saqlab qolingan hamda qayta ta’mirlangan «Matkarimboy» madrasasi bo‘lib, ushbu manzil ijodiy maydon yaratish uchun xizmat qiladi. Ikkinchi obekt esa eski bolalar bog‘chasi — «Hast Imom» mahallasida joylashgan.

«Toshkentdagi art-rezidensiyalar Zamonaviy san’at markazining ta’lim yo‘nalishi uchun platforma, hamda mahalliy va xalqaro ijod vakillari o‘rtasida hamkorlik uchun xizmat qiladi», — deyiladi xabarda.