9-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston parlament delegatsiyasi Qozog‘istonga tashrif buyurdi.

Kun davomida Nurdinjon Ismoilov Kasim-Jomart Toqayev bilan ham uchrashdi, deb xabar berdi Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati.

Qozog‘iston prezidenti mamlakatlar mustahkam do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga, umumiy madaniy qadriyatlarga tayangan holda mustahkam va totuv munosabatlar o‘rnatganini, bu davlatlararo sheriklik namunasi ekanini ta’kidlagan.

«O‘zbekiston Qozog‘iston uchun qardosh davlat va ishonchli hamkordir, shuning uchun biz munosabatlarimizni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratamiz. Bizning ittifoqchilik munosabatlarimiz siyosiy, savdo-iqtisodiy, gumanitar va madaniy sohalar kabi keng qamrovga ega. Bu borada parlament diplomatiyasi alohida o‘rin tutadi», — degan Kasim-Jomart Toqayev.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Qozog‘iston Parlamenti Majlisida ham qator uchrashuvlarni o‘tkazgan.

Foto: «Dunyo» AA.

«Dunyo» AAning xabar berishicha, Nurdinjon Ismoilov va Qozog‘iston Majlisi raisi Yerlan Koshanov O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Qozog‘iston Parlamenti Majlisi o‘rtasida Parlamentlararo hamkorlik kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan. Mazkur bitim dekabr oyida Shavkat Mirziyoyevning Nur-Sultonga tashrifi chog‘ida kelishuvga erishgan edi.

Uchrashuvda Yerlan Koshanov Nurdinjon Ismoilovni Qozog‘iston prezidenti farmoniga muvofiq II darajali «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi. QP spikeri O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlagani uchun ushbu mukofotga loyiq topilgan.

Yerlan Koshanov kengashning tashkil etilishi ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikka, jumladan, ikki davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirishni qonunchilik bilan ta’minlashga yangi mazmun bag‘ishlashini ta’kidladi, deyiladi parlament matbuot xizmati xabarida.

Nurdinjon Ismoilov, o‘z navbatida, parlamentlararo muloqotning faollashuvi ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik salohiyatini oshirishga xizmat qilishini qayd etgan.