Prezidentning 8-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan dasturni tasdiqlash to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Hujjat O‘zAda e’lon qilindi.

Hujjatga ko‘ra, O‘zbekistonda chorvachilik sohasi va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan dastur hamda dasturda belgilangan vazifalarni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish maqsadlari uchun 2022-yilda Jahon bankining 300 million AQSh dollari miqdoridagi kredit mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘rsin.

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasining “Veterinariya fidoyisi” va “Chorvachilik fidokori” ko‘krak nishonlariни ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi. Qo‘mitaga bir oy muddatda “Veterinariya fidoyisi” va “Chorvachilik fidokori” ko‘krak nishonlari to‘g‘risidagi nizom loyihalarini belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritish vazifasi yuklatildi.

Quyidagilar Dasturni amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi:

  • aholini chorvachilik mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash hamda chorvachilik va uning tarmoqlarida ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish, ushbu sohada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga oid davlat siyosatining samarali amalga oshirilishini ta’minlash;
  • chorvachilik sohasida sifat nazoratini kuchaytirish, eksportga yo‘naltirilgan raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish, qo‘shilgan qiymat zanjiriga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni nazarda tutuvchi qulay tadbirkorlik muhitini rivojlantirish;
  • tabiiy resurslardan samarali foydalanish va atrof-muhitni muhofaza qilishni tizimli yo‘lga qo‘yish, yer va suv resurslaridan oqilona foydalanishni nazarda tutuvchi choralarni ko‘rish;
  • chorvachilik sohasida infratuzilma xizmatlarini yanada rivojlantirish, ularning sifatini yaxshilash va turlarini kengaytirish, ushbu sohaga zamonaviy bozor tamoyillarini keng joriy etish;
  • chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish tarmog‘ini modernizatsiya qilish, sohani diversifikatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlash uchun xususiy investitsiya hamda xorijiy kapital oqimini ko‘paytirish, shuningdek, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish mexanizmlarini joriy qilish;
  • chorvachilik xo‘jaliklarida mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot sifatini yaxshilash, yuqori qo‘shilgan qiymatni yaratishga qaratilgan tarmoq dasturlarini ishlab chiqish samaradorligini oshirish;
  • chorvachilik va uning tarmoqlarida ilmiy-tadqiqot, ta’lim va maslahat xizmatlarini kengaytirish bilan integratsiyalashgan bilim va ma’lumotlarni tarqatishning samarador shakllarini joriy etish hisobidan ilm-fan, ta’lim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini takomillashtirish, ushbu sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish.

Qolaversa, chorva mollari mahsuldorligini oshirish va ajratilgan maydonlardan unumli foydalanishni ta’minlash maqsadida bir gektar sug‘oriladigan va lalmi yer maydoni hisobidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar me’yorlarini ishlab chiqish maqsad qilingan.