2021-yilda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakil aralashuvi bilan 53 nafar mahkumga insonparvarlik dalolatnomalari qo‘llanildi. Bu haqda “Gazeta.uz"ga Ombudsman matbuot xizmati deb xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, Ombudsmanga ishonch telefoni orqali Toshkent viloyatidagi 43-sonli manzil-koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan 28 nafar, 50-sonli manzil-koloniyadagi 25 nafar hamda Samarqand viloyatidagi 38-sonli manzil-koloniyadagi 8 nafar mahkumdan murojaatlar kelib tushgan.

“Ushbu murojaatlarda, mahkumlar ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoning belgilangan qismi o‘talgan bo‘lishiga qaramay, ularga nisbatan insonparvarlik dalolatnomasi qo‘llanilmayotgani bayon qilingan”, — deyiladi xabarda.

Murojaatlar Ombudsman tomonidan o‘rganilib, IIV va Oliy sudga ushbu holatni bartaraf etish yuzasidan so‘rov xati kiritilgan va ijrosi nazoratga olingan.

“Natijada, Jinoyat ishlari bo‘yicha tegishli sudlarning ajrimi bilan 48 nafar mahkumga tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosi ahloq tuzatish ishlariga, 3 nafar mahkumni jazosi esa shartli ravishda ozod etishga va 2 nafar mahkumniki ozodlikni cheklash (uy qamog‘i) jazosiga almashtirilgan”, — deyiladi Ombudsman xabarida.

Qolgan 8 nafar mahkumning intizomiy jazosi mavjud bo‘lganligi sababli insonparvarlik dalolatnomasi qo‘llanilishi rad etilgan.

Ombudsman Jinoyat kodeksining 73, 74, 89-moddalarida jazoni o‘tashda muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki yengilrog‘i bilan almashtirish tartibi belgilanganini yana bir bor eslatib o‘tdi.

Ma’lumot o‘rnida, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar, jumladan, gauptvaxta, intizomiy qism, tergov hibsxonalari, jazoni ijro etish koloniyalari va majburiy davolash muassasalarida saqlanayotgan shaxslar va ularning yaqin qarindoshlari Ombudsmanga “10−96” qisqa raqamli ishonch telefoni, tergov hibsxonalari va qamoqxonalarda o‘rnatilgan “Ombudsman qutilari” yoki mahkumlarning yaqin qarindoshlari info_ombudsman.uzb@umail.uz elektron pochtasi orqali murojaat qilishlari mumkin.