Adliya vaziri Ruslanbek Davletov jamoatchilikka hisoboti davomida ba’zi domlalarning ma’ruzalari jamiyatda bo‘linishga olib kelayotganligini ta’kidlab, vazirlik ushbu sohani nazorat qilishini eslatdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar berdi.

«Diniy tashkilotlarning ayrim vakillari chiqib, „U ishni qilsa, bunday bo‘lar ekan, bu ishni qilsa, bunday bo‘ladi. Uni uyiga kirmang. Bu narsani ichsa, bunday bo‘ladi, bu ma’lum bir viloyatliklar bunday“, degan gapiga huquq nuqtai nazaridan biz chidab turolmaymiz. Chunki bu, birinchidan, jamiyatimizning bo‘linishiga olib kelyapti, ikkinchidan, diniy tashkilotlarning bunday ixtilof qilishga haqqi yo‘q. Bilasizlarmi nimaga? Asosiy sabab, mana shu aytilayotgan insonlar kimlargadir hukm o‘qiyapti. Hamma odamlarga tamg‘a bosish huquqi yo‘q», — dedi adliya vaziri.

U fuqarolarning vijdon erkinligi bo‘yicha konstitutsiyavaiy huquqini eslatib o‘tdi.

«Dinga xohlasa, ishonadi, xohlamasa, ishonmaydi. Xohlamasa, umuman tarki dunyo qilib yashaydi. Bu konstitutsiyaviy huquq. Shuning uchun qonunda belgilangan huquqlar, kafolatlarni kimlardir chiqib, ijtimoiy maqomidan qat’i nazar, inkor qilolmaydi, ularga dahl qilolmaydi», — dedi Ruslanbek Davletov.

Shuningdek, vazir diniy tashkilotlarga va barcha shu sohadagi domlalarga «signal» bermoqchi ekanini ma’lum qildi.

«Bir signalni diniy tashkilotlarga va barcha shu sohadagi domlalarimizga yetkazib qo‘ymoqchimizki, biz Adliya vazirligi sifatida bu faoliyatni nazorat qilamiz. Biz bu borada juda faol ishlaymiz. Chunki hech qachon bu masalalarni bir normaga keltirib bo‘lmaydi. Hammaning o‘z fikri bo‘ladi, bu esa bo‘linishga olib kelaveradi. Shuning uchun ham qonunda hamma o‘zi hal qiladi, degan. Bekorga aytilmagan vijdon erkinligi, deb. [Hamma] vijdonining oldida o‘zi javob beradi. Bo‘lmasa, ahloq politsiyasi qilaylik, ko‘chaga chiqib yubkalarning uzun-kaltaligini o‘lchaylik. Buning oxiri bo‘lmaydi. Hammada yondashuv har xil. Men bu gaplarni huquqiy nuqtai nazardan aytayapman. Mening ahloqiy normalar to‘g‘risida gapirishga haqqim yo‘q. Gapirsamam, o‘zimning fuqaro sifatidagi fikrimni ayta olaman», — dedi adliya vaziri.

Ruslanbek Davletov barcha sohalarda o‘z mutaxassisi borligini ham eslatib o‘tdi.

«Hamma sohada mutaxassislik yetishmaydi. Domlalarimiz ham gapiradi, lekin har bir odam har bir sohada mutaxassis bo‘lolmaydi. Men ham o‘zimning bir-ikkita sohamni bilaman. Ya’ni huquq sohasiniyam ichidagi ayrim yo‘nalishlarni bilaman. Qolganlari bo‘yicha indamay turaman. Chunki unga bizning malakamiz yetishmaydi. Shuning uchun aqllilik qilmaymiz», — deya ta’kidladi u.

Adliya vaziri o‘z so‘zini Devid Frimenning «Odamlarning do‘zaxga kirish-kirmaslik tanlovini o‘zlariga qo‘yib beringlar», degan so‘zlari bilan yakunladi.

«O‘zi kiradi-ku kirsa, bu jamiyat rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan narsalar. Shuning uchun o‘zining diniy o‘lchovlari, uyidagi qarashlari bilan jamiyatga o‘lchov qo‘yishga yo‘l qo‘ymaymiz, chunki qonun bor, tamom», — dedi Davletov.

2021 yilning sentabr oyida Adliya vazirligi O‘zbekiston dunyoviylik prinsipida rivojlanish yo‘lini tanlaganligini eslatib bayonot bilan chiqqan edi. «O‘zbekistonda diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi», deyilgan edi vazirlik bayonotida.