Putin va Makron Kremlda muzokaralarni boshladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va uning fransuz hamkasbi Emmanuel Makron Moskvada muzokara boshladi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

Rossiya davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tomonlar shaxsiy uchrashuv formatida muhokama qilinishi kerak bo‘lgan ko‘plab masalalarni jamlagan. Uning ta’kidlashicha, o‘tgan yilning 11 oyida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 70 foizdan ortiq o‘sdi va pandemiyadan oldingi darajaga yetdi.


Ukraina G‘arbdan 1,5 mlrd dollar yordam oldi

«Ukrainaga xalqaro yordam siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik nuqtai nazaridan ortdi. Shu haftalar va oylar davomida biz 1,5 mlrd dollardan ortiq mablag‘ oldik, yetkazib berilgan qurol-yarog‘ va harbiy texnika hajmi esa ming tonnadan ortiq», — deya ma’lum qildi mamlakat TIV rahbari Dmitriy Kuleba brifing chog‘ida.

Ukrainalik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, xorijiy delegatsiyalarning Kiyevga tashrifi «Rossiyani ushlab turishga» yordam beradi. Uning qayd etishicha, 8 fevral kuni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron bilan uchrashuvda Ukraina rasmiylari mamlakat qurolli kuchlarini mustahkamlash masalasini muhokama qilish niyatida. Diplomat Kiyevda Germaniya Tashqi ishlar vazirligi rahbari bilan Ukrainaga qurol yetkazib berish masalasini ham muhokama qilishni kutmoqda — Kommersant’.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina AQSh, Buyuk Britaniya va Polshadan qo‘shimcha harbiy yordam olgan edi. Shuningdek, Kiyev tez orada Boltiqbo‘yi mamlakatlari va Kanadadan ham qurol oladi.


Yevropa Ittifoqi AQSh bilan energetika xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi

Yevropa Ittifoqi Qo‘shma Shtatlar va boshqa yetkazib beruvchilar bilan Yevropaga gaz yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda, dedi Yevrokomissiya (YeK) prezidenti Ursula fon der Lyayen. Bryussel Vashington bilan energetika xavfsizligi sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqda, deya ta’kidladi YeK vakili.

«Biz Qo‘shma Shtatlar bilan energiya xavfsizligi bo‘yicha hamkorlikni qurmoqdamiz, bu birinchi navbatda suyultirilgan gaz yetkazib berishni ko‘paytirishga qaratilgan», — dedi fon der Lyayen xonim matbuot anjumanida. Bu haqda Kommersant’ nashri xabar berdi.


Ottavada namoyishlar tufayli favqulodda holat e’lon qilindi

Ottava 6 fevral kuni shahar markazida davom etayotgan norozilik namoyishlariga javoban favqulodda holat e’lon qildi, shahar meri Jim Uotson esa mamlakat poytaxtidagi vaziyatni «shaharimiz duch kelgan eng jiddiy favqulodda holat» deb ta’rifladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

«Favqulodda holat rejimining e’lon qilinishi davom etayotgan namoyishlar shahar aholisiga jiddiy xavf va tahdid tug‘dirishini anglatadi hamda boshqa yurisdiksiyalar hamda hukumat darajalari tomonidan qo‘llab-quvvatlov kerakligini bildiradi», — dedi Jim Uotson.

Shahar rasmiylarining ma’lum qilishicha, mahalliy favqulodda holat Ottavaga muhim xizmatlarni boshqarish va xaridlarni yanada moslashuvchan qilish uchun samaraliroq ishlash imkonini beradi.

Ottava politsiyasi yakshanba kuni kechqurun yetti kishi hibsga olingani haqida bayonot berdi. Bungacha Uotson Ottava hukumati va politsiyasi norozilik namoyishlariga bog‘liq vaziyatni endilikda nazorat qilmayotganini ma’lum qilgan edi.


Xitoyning Bayse shahrida COVID-19 tufayli lokdaun joriy qilindi

7 fevral kuni Xitoyning Vetnam bilan chegarasiga yaqin joylashgan Bayse shahri (Guansi-Chjuan avtonom viloyati) ma’muriyati COVID-19 holatlari munosabati bilan lokdaun joriy etilganini e’lon qildi, deb xabar berdi Interfaks.

Taxminan 3,6 mln aholisi bo‘lgan shahar shanbadan dushanbagacha 99 ta COVID-19'ga chalinish holati aniqlandi. Ular orasida 2 kishi omikronga chalingan.

Rasmiylarning buyrug‘iga ko‘ra, aholi uyda qolishi va faqat eng kerakli narsalarni sotib olish uchun ko‘chaga chiqishlari kerak. Shuningdek, aholidan tovarlarni o‘z uylariga yetkazib berishni tanlashga, do‘konlarga o‘zlari bormaslikka chaqirildi. Maktablar faoliyati to‘xtatildi.

Vaqtinchalik taqiq barcha muhim sayohatlardan tashqari, shuningdek, jamoat transporti faoliyatiga ham joriy etildi, mintaqadagi xalqaro chegara bloklandi.

Worldometers statistik veb-sayti ma’lumotlariga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan buyon Xitoyda 106,4 mingdan ortiq koronavirus infeksiyasi aniqlangan, 4,6 mingdan ortiq odam vafot etgan, 100 mingdan ortiq bemor kasallikdan tuzalib ketgan.